Milliy markaz vakili Bryusseldagi tadbirda ishtirok etdi

Adliya vaziri o‘rinbosari M. Ikramov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Bryusselda “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va tegishli masalalar bo‘yicha kichik qo‘mitasining navbatdagi 21-majlisida qatnashdi.

Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, professor M. Tillaboyev ham bor.

Tadbirda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi vakillari qonun ustuvorligi va sud-huquq sohasini takomillashtirish, inson huquqlarini himoya qilish, fuqarolik jamiyatini mustahkamlash sohalarida o‘zaro hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Shuningdek, kun tartibi doirasida Kichik qo‘mitada mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, so‘z va vijdon erkinligi, huquq ustuvorligi, korrupsiyaga va terrorizmga qarshi kurashish, nolegal migratsiya kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun: “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va tegishli masalalar bo‘yicha kichik qo‘mitasi 2002-yil yanvarida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi Hamkorlik kengashi majlisining qarori asosida ta’sis etilgan. Ushbu Kichik qo‘mita doirasida 2007-yildan boshlab inson huquqlari bo‘yicha ham muloqot olib borilmoqda.

Kichik qo‘mitaning asosiy maqsadi – muntazam muloqotni ta’minlash, kelishuvlar ijrosini nazorat qilish, muammolarni aniqlash va tegishli sohalarda hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech