“Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim”

O‘zbekiston Prezidenti 2025-yil 23-iyunda imzolagan «O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmon ana shu tamoyilni ro‘yobga chiqarish maqsadiga qaratilgan.

Farmon muqaddimasida ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini tashvishga solayotgan dolzarb masalalarni hal etish bo‘yicha vakolatlari takomillashtirilmoqda. Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratilishi belgilangan.

Bu boradagi islohotlarni yangi, yanada yuqori bosqichga ko‘tarish uchun Prezident Farmoni bilan 2 ta hujjat tasdiqlandi. Bular – O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi va O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”dir.

Konsepsiyaga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari tizimini rivojlantirishning strategik maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

  • mahalliy Kengash, ularning organlari hamda deputatlarining nazorat faoliyatini takomillashtirish, byudjet va hududlarni rejalashtirish jarayonlaridagi ishtirokini kuchaytirish;

  • aholi muammolari va hudud manfaatlariga oid muhim va dolzarb masalalarni hal etishni «mahalla yettiligi» – tuman (shahar) Kengashi – viloyat Kengashi – Senat» tamoyili asosida kuchaytirish;

  • mahalliy Kengashning norma ijodkorligi sohasidagi faoliyatini takomillashtirish, qarorlar ishlab chiqishda keng jamoatchilikning keng ishtirokini ta’minlash;

  • mahalliy Kengash deputatlarining maqomi va faoliyatining asosiy kafolatlarini yanada kuchaytirish;

  • mahalliy Kengash faoliyatining tashkiliy-institutsional asoslarini takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash;

  • mahalliy Kengash faoliyatida o‘zaro va xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

  • Mahalliy Kengash faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, «E-Kengash» elektron platformasini takomillashtirish.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini muhokama qilib borish tavsiya etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech