Milliy markaz faoliyati – «Fuqaro muhofazasi» jurnali e’tiborida

Yaqinda «Fuqaro muhofazasi» jurnalining 2025-yil may oyidagi 5 (71)-soni mutolaa uchun keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi. Jurnalning ushbu soni sahifalarida e’lon qilingan «Akademik va yoshlar uchrashuvi» sarlavhali maqolada Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning joriy yil 18-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida“Akademik va yoshlar” mavzusidagi uchrashuvda ishtirok etgani haqida so‘z boradi.

Maqolada qayd etilganidek, muloqot asnosida akademik A.Saidov bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlari qatori mamlakatimizda ham ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirishga birinchi galdagi vazifa sifatida qaralayotganini uqtirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti  Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq”.

Uchrashuv yakunida A.Saidov tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining Axborot-resurs markaziga 100 dan ortiq kitob beg‘araz asosda taqdim etildi. O‘z navbatida, huquqshunos olimga Favqulodda vaziyatlar vaziri va Akademiya boshlig‘ining esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi. Akademik A.Saidov Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining “Faxriy mehmonlar kitobi”ga esdalik dastxati yozib qoldirdi.

Ma’lumot uchun: keyingi vaqtda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining o‘zaro hamkorlik aloqalari izchil rivojlanyapti. Bunda 2025-yil 18-aprelda ikki tashkilot o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolangani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, shu yil 22-may kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida Milliy markaz bilan hamkorlikda “Favqulodda vaziyatlar va inson huquqlari: muammo va yechimlar” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.  

Shuningdek, 14-iyunda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida o‘tkazilgan bitiruvchi kursantlarga diplom va “leytenant” harbiy unvonini topshirish tantanali tadbirida Milliy markaz direktori, akademik A. Saidov ishtirok etdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

«Fuqaro muhofazasi» jurnalining 2025-yil may oyidagi 5 (71)-soni

Powered by GSpeech