Huquq sohasi taraqqiyotida ilm-fanning o‘rni

26-iyun kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida joylashgan V.Yakovlev nomidagi Ural davlat yuridik universitetida "S.Alekseyevning huquq haqidagi ta’limoti: qisqacha ilmiy tarjimayi holi" nomli monografiyaning ommaviy muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Monografiya muallifi yuridik fanlar doktori, professor, Gumanitar universitet yuridik fakulteti dekani, Rossiya Federatsiyasi Oliy kasbiy ta’limning faxriy xodimi Aleksey Pavlovich Semitko hisoblanadi.

Tadbir videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda onlayn va oflayn shaklda o‘tkazildi. Unda huquq nazariyasi sohasidagi yetakchi mahalliy va xorijiy olimlar, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari vakillari, amaliyotchi huquqshunoslar ishtirok etdi.

Muhokama avvalida Ural davlat yuridik universitetining ilmiy ishlar va strategik rivojlanish bo‘yicha prorektori, professor A.Vinnitsskiy, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi S.Alekseyev nomidagi Xususiy huquq tadqiqot markazi tijorat huquqi va jarayoni kafedrasi mudiri A.Alekseyeva, shuningdek, tadbir moderatori – Ural davlat yuridik universitetining Davlat va huquq nazariyasi kafedrasi mudiri, professor D.Gribanov so‘zga chiqdi.

Tadbirning asosiy qismida monografiya muallifi – professor A.Semitko kitobni taqdim etar ekan, asardagi asosiy g‘oyalar va ilmiy yo‘nalishlarga batafsil to‘xtaldi. Rossiya Fanlar akademiyasi muxbir- a’zosi S.Alekseyevning mamlakat huquq fani rivojiga qo‘shgan hissasi, uning nazariy merosi va huquqni zamonaviy tushunish nuqtayi nazaridan tutgan ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

 Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik, Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi A.Saidov taqdim etilgan monografiyaning ilmiy-metodologik darajasiga yuqori baho berib, S. Alekseyevning asarlari insonparvar va huquqiy davlatni shakllantirish yo‘llidagi yorqin mayoq ekanligini ta’kidladi. O‘zbek huquqshunosi global muammolar va huquqiy tizimlarning o‘zgarishi sharoitida S.Alekseyev asarlarida talqin qilingan huquq ustuvorligi g‘oyasi alohida dolzarblik kasb etayotganini qayd etdi.

Muhokamalarda Rossiya huquq fanining yetakchi vakillari – O.Kutafin nomidagi Moskva davlat yuridik universiteti, Sankt-Peterburg davlat universiteti, Rossiya Federatsiyasi Hukumati huzuridagi Qonunchilik va qiyosiy huquqshunoslik instituti, Lobachevskiy nomidagi Nijniy Novgorod universiteti, Baykal davlat universiteti, Rossiya Fanlar akademiyasi Ural bo‘limining ilmiy-tadqiqot instituti – Falsafa va huquq instituti hamda boshqa muassasalar olimlari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida ekspert tomonidan professor S. Alekseyevning ilmiy merosi munosib baholandi. Olimning zamonaviy huquq tushunchasi bo‘yicha izlanishlari, umuman, yuridik nazariya va amaliy qonunchilik taraqqiyotiga ko‘rsatgan ijobiy ta’siri yuzasidan bir qator fikr va tavsiyalar bildirildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech