3-iyul kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirish bo‘yicha 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi” loyihasini ishlab chiqishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi. Tadbir YUNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi va O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Seminarning ochilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining o‘rinbosari Dilnoza Muratova nomidan Inson huquqlari bo‘yicha tahlil va tadqiqotlar bo‘limi yetakchi mutaxassisi Adham Muhrumboyev, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Sabine Mahl (online), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimi Behzodbek Abduhakimov, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi rahbari Oybek Isakov so‘zga chiqdi.
Seminarda davlat organlari xodimlari, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari xamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Seminar davomida O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi rahbari Oybek Isakov, “Quyoshli Olam” NNT raxbari Shahnoza Ikramova va “Sharoit Plyus” NNT raxbari Muhabbat Rahimova Milliy harakatlar rejasi loyihasi uchun ishlab chiqilgan takliflar taqdimotini namoyish etdilar.
Taqdimot muhokamasi asnosida bir qator amaliy takliflar bildirildi. Xususan:
- nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun imkoniyatlar markazini ochish;
- BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini nazorat qilish bo‘yicha alohida davlat organi tashkil qilish;
- har bir qonun loyihasi nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan majburiy ekspertizadan o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yish;
- Konvensiyaning Fakultativ protokolini qabul qilish muhimligiga e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar mazkur sohada hamkorlikni davom ettirish va tashabbusni yanada rivojlantirish zarurligini qayd etdilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.07.2025
- Ko'rishlar: 649
- Chop etish