O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2025-yil 25-iyulda “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni qabul qildi. Farmonga asosan, ijro intizomini samarali tashkil etishda davlat organlari rahbarlarining mas’uliyati yanada oshiriladi.
Farmonga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari, hamda boshqa tashkilotlarda ijro intizomini tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
-
Qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini nazorat qilishning samarali mexanizmlarini joriy qilish;
-
hududlarda islohotlar natijadorligini o‘rganish va ijro intizomini mustahkamlash ishlarini sifatli tashkil etish;
-
davlat organlari va tashkilotlarda ijroni tashkil etishda birinchi rahbarlarning mas’uliyatini oshirish;
-
ijro intizomini nazorat qilish jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish.
Farmon bilan Hisob palatasiga qo‘shimcha vazifalar, jumladan:
-
Qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari doirasida ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishini o‘rganish bilan birga ularning aholi hamda tadbirkorlar uchun samaradorligini tahlil qilish;
-
ijro intizomini mustahkamlashga, mansabdor shaxslarning shaxsiy mas’uliyatini oshirishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan olib borilayotgan islohotlar natijalariga erishishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
-
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro etilishi yuzasidan davlat organlari va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish yuklatildi.
2025-yil 1-sentyabrdan boshlab Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining qisqartiriladigan shtat birliklari hisobidan Hisob palatasiga qo‘shimcha 10 ta boshqaruv shtat birligi ajratiladi.
Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomiga mas’ul tarkibiy bo‘linmalar alohida tuzilma sifatida bevosita birinchi rahbarlar bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.
Davlat organlari va tashkilotlarning ijro intizomiga mas’ul tuzilmasi xodimlarining Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi hamda Adliya vazirligida reja-jadval asosida har uch yilda bir marotaba malakasini oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Vazirlar Mahkamasi qarorlari ijrosini nazorat qilish bo‘yicha yangi tartib joriy etilishi munosabati bilan Adliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida O‘zbekiston prezidenti hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi negizida 20 ta shtat birligidan iborat O‘zbekiston prezidenti va hukumat hujjatlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi tashkil etiladi.
Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi va Adliya vazirligi tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijro holatini baholash amaliyoti joriy etiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 28.07.2025
- Ko'rishlar: 194
- Chop etish