Ichki ishlar organlari xodimlari uchun ma’rifiy dars

30-iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida Toshkent shahrida muhim ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Markaziy tergov hibsxonasida faoliyat olib borayotgan ichki ishlar xodimlari ishtirok etishdi. Ma’rifiy darsning asosiy maqsadi — odam savdosini oldini olish, bu illatga qarshi tizimli va samarali kurashishning huquqiy hamda amaliy mexanizmlarini ichki ishlar organlari xodimlariga yetkazish, ularda ushbu yo‘nalishdagi xalqaro va milliy qonunchilik bo‘yicha bilim va tushunchalarni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Ma’rifiy tadbirda Milliy markazning yetakchi mutaxassislari N.Sultonov va N. Aslonov ishtirok etdi. Ular tinglovchilarga odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro huquqiy normalar va standartlar, jumladan, Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Palermo protokoli, inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalar va majburiyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda qabul qilingan “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tahlil qilindi. Milliy markazning ushbu yo‘nalishdagi ta’limiy, tahliliy va targ‘ibot ishlari, xususan, davlat va jamiyat o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarayotgani alohida qayd etildi.

Ishtirokchilarga odam savdosining mavjud turli ko‘rinishlari, qurbonlari, sabab va oqibatlari haqida tushunchalar berildi. Xodimlar uchun ushbu masalada qanday yondashuvlar va e’tibor muhim ekani ta’kidlandi.

Tadbir yakunida Milliy markaz tomonidan chop etilgan tegishli adabiyotlar va amaliy qo‘llanmalar ishtirokchilarga beg‘araz taqdim etildi.

Ishtirokchilar bunday ma’rifiy uchrashuvlarni doimiy ravishda tashkil etish zarurligini ta’kidladilar. Binobarin, e’tirof etilganidek, bu kabi tadbirlar Ichki ishlar organlari xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, inson huquqlariga hurmat bilan yondashuvni shakllantirish va mamlakatda odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosati samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech