Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 2025-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati haqida qisqa ma’lumot

Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga doir davlat dasturi ijrosi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining alohida e’tiborida bo‘ldi.

Xususan, “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasi” loyihasi ishlab chiqildi. Yangi Milliy strategiya loyihasini takomillashtirish maqsadida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘ndan ortiq tadbir – milliy va xalqaro darajadagi maslahatlashuvlar o‘tkazildi.

Avvalgi Milliy strategiya – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining ijrosi muntazam monitoring qilib borildi. Milliy strategiya doirasida, jumladan, 2025-yil birinchi yarmida  8  ta qonun, Prezidentning 11 ta farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 6 ta qarori qabul qilindi.

Milliy markaz tomonidan joriy yilning olti oyida Ichki ishlar vazirligi hamda Bosh prokuratura bilan hamkorlikda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kurslari respublika miqyosida 4 ta hududda amalga oshirildi.

Jizzax, Sirdaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar, shuningdek viloyat, tuman (shahar) sudi sudyalari hamda sud apparati xodimlaridan iborat jami 274 nafar tinglovchi ishtirok etdi.

Joriy yilda xalqaro hamjamiyat Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi konvensiyaning 60-yilligi hamda Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qabul qilinganining 30-yilligini keng nishonlamoqda.

Shu munosabat bilan mazkur xalqaro shartnomalarning asosiy ahamiyatini ta’kidlash hamda bugungi kunda yuzaga kelayotgan kamsitishlarning oldini olish uchun samarali va innovatsion amaliyotlar bo‘yicha keng qamrovli kampaniya olib borish maqsadida hamkor vazirlik, idora va tashkilotlar ishtirokida Tadbirlar dasturi ishlab chiqildi va izchil amalga oshirilmoqda.

Milliy markaz joriy yilning o‘tgan davrida 3 ta oliy ta’lim muassasasi – Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi.

Shuningdek, Milliy markaz bilan Vengriya Asosiy huquqlar bo‘yicha vakili o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

O‘tgan olti oyda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha BMTning ustav va shartnomaviy organlari hamda boshqa mexanizmlarining tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida 4 ta Milliy harakatlar rejasining ijrosi o‘rganildi.

Bundan tashqari, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalari bajarilishi holati yuzasidan 3 ta monitoring amalga oshirildi. 

Joriy yilning birinchi yarmida 30 ta normativ-huquqiy hujjat inson huquqlari bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazildi.

Shu yil boshida Milliy markaz huzuridagi Jamoatchilik kengashi nizomi tasdiqlanib, uning faoliyati qayta tashkil etildi. Jamoatchilik kengashi tarkibi shakllantirildi va 27-fevralda Kengashning birinchi majlisi o‘tkazildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari mulohaza va tavsiyalari amalga oshirilishini o‘rganish bo‘yicha tashkil etilgan monitoringlarda ham Jamoatchilik kengashi a’zolari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari faol ishtirok etdi.

Milliy markaz ommaviy axborot vositalari, internet platformalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali inson huquqlari bilan bog‘liq muhim mavzularda maqolalar, intervyular, videoroliklar va tahliliy materiallar tayyorlab, aholiga yetkazib kelmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida 2 ming 782 ta axborot Milliy markaz rasmiy saytiga joylashtirildi.

Milliy markazning «Inson huquqlari uyi» o‘tgan yilning 3-dekabrida rasman ochildi. Bu yerda shu vaqtgacha 25 ta tadbir – Milliy markaz tomonidan yangi chop etilgan adabiyotlarning taqdimotlari, kitoblar tuhfa etish tadbirlari, inson huquqlariga oid o‘quv mashg‘ulotlari, turli mavzularga oid mahorat darslari, uchrashuvlar, davra suhbati va ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar  o‘tkazildi.

O‘tgan olti oyda “Inson huquqlari uyi” tomonidan hududlardagi axborot-kutubxona markazlari hamda turli idora va tashkilotlarga 380 nomdagi 1 ming 414 ta inson huquqlariga oid adabiyot beg‘araz taqdim etildi.

Keyingi olti oyda Milliy markaz tomonidan 13 nomda bosma va elektron nashrlar chiqarildi. Bunda uchta asosiy yo‘nalish – inson huquqlari sohasidagi xalqaro hujjatlar to‘plamlarini davlat tilida nashr etish, o‘quv adabiyotlarini tayyorlash, shuningdek, ma’rifiy materiallarni nashr etishga alohida e’tibor qaratildi.

Milliy markaz muassisligidagi “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining 2 ta soni nashr etildi. Milliy markaz hammuassisligidagi “Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari” jurnalining ham ikki soni nashrdan chiqdi.

Joriy yil boshidan Milliy markaz direktori BMT Inson huquqlari qo‘mitasida saylangan a’zo sifatida o‘z faoliyatiga kirishdi. Direktorning birinchi o‘rinbosari esa 2025-2028-yillarga Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasiga a’zo etib saylandi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi, BMT tizimidagi dasturlar, fondlar va ixtisoslashtirilgan muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida yarim yil ichida 6 ta tadbir tashkil etildi.

Shuningdek, 2025-yilning birinchi yarmida Milliy markazga BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi maxsus ma’ruzachilaridan hamda yakka tartibdagi murojaatlar bo‘yicha jami 60 ta hujjat kelib tushdi.

Shulardan 53 ta hujjat Maxsus ma’ruzachilar hamda yakka tartibdagi murojaatlarda keltirilgan masalalar yuzasidan vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida Milliy markaz tomonidan javob xati tayyorlanib, maxsus ma’ruzachiga taqdim etildi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan birgalikda Termiz va Farg‘ona shaharlarida Jazoni ijro etish departamenti tibbiyot xodimlari va Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi ekspertlari uchun seminar-trening o‘tkazildi.

O‘tgan davrda inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash doirasida Milliy markaz vakillari Amerika Qo‘shma Shtatlari, Ozarbayjon, Qatar, Belgiya, Shveysariya, Rossiya, Qozog‘iston va Turkmaniston kabi 9 ta davlatga tashrif buyurdilar.

Hisobot davrida inson huquqlari sohasida xalqaro tajriba almashish hamda samarali aloqalarni davom ettirish maqsadida Milliy markazga xalqaro hamkorlarning 16 ta tashrifi amalga oshirildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech