Yurtimizda bolalarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularning huquqlari va erkinliklarini davlat tomonidan kafolatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Senat yalpi majlisida muhokama qilingan “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham ana shu islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Statistik raqamlarga ko‘ra, 2023 yilda 1 ming 911 nafar, 2024 yilda 2 ming 214 nafar voyaga yetmagan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan va sudlangan. O‘tgan yilda ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar 1 ming 238, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar soni esa 855 tani tashkil qilgan.
Qonun bilan Jinoyat kodeksining bir qator moddalariga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritilmoqda. Jumladan, o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan o‘ta og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda.

Qonunda voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikni cheklashning hamda ozodlikdan mahrum qilishning eng kam muddati olti oydan bir oygacha qisqartirilishi nazarda tutilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlikni yanada liberallashtirishga xizmat qiladi. O‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsga hayotini sudlanganlik tamg‘asidan xoli tarzda davom ettirishi uchun sharoit yaratadi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 04.08.2025
- Ko'rishlar: 141
- Chop etish