Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning inson huquqlariga oid kitobi o‘zbek tilida nashr etildi

Toshkent shahrida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning o‘zbek tilida ilk bor nashr etilgan "Inson huquqlarini hurmat qilish va kafolatlash to‘g‘risida" nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Xitoy Inson huquqlarini o‘rganish bo‘yicha jamiyati, Xitoy Xalq Respublikasining Adabiyotlarni xorijiy tillarda nashr etish va tarqatish ishlari bo‘yicha boshqarmasi, XXRning O‘zbekistondagi elchixonasi va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda 14-chaqiriq Umumxitoy qo‘mitasi Xalq siyosiy maslahatlashuv kengashining doimiy a’zosi, Milliy va diniy ishlar bo‘yicha komissiya boshlig‘ining o‘rinbosari, Xitoy inson huquqlarini o‘rganish bo‘yicha jamiyatining ijrochi vitse-prezidenti Szyan Szyango, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, XXRning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun, diplomatik korpus, ilmiy va akademik doiralar, davlat organlari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Xitoy va O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi ekspertlari ishtirok etdi.

Kitob Xitoyning inson huquqlarini himoya qilish masalalariga oid konseptual yondashuvlarini ochib beruvchi manba sifatida muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Ushbu kitobning o‘zbek tilida nashr etilishi ilmiy ma’rifat almashish, davlatlararo muloqotni chuqurlashtirish va gumanitar hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi e’tirof etildi.

***

Si Szinpinning "Inson huquqlarini hurmat qilish va kafolatlash to‘g‘risida" nomli kitobiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar ham tashkil etildi. 

Xitoy tomoni vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida mamlakatda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaralarini yuqori baholadi. 

O‘zbekistonning xalqaro maydonlarda ilgari surgan tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu sa’y-harakatlar mintaqaning barqaror rivojlanishi va jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvi, davlatlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlash borasida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Ishtirokchilar huquqiy muloqot va institutsional hamkorlikni rivojlantirish inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimlari samaradorligini oshirishga xizmat qilishini alohida qayd etdi.

So‘zga chiqqanlar inson huquqlari sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan ilmiy-ma’rifiy tashabbuslarning ahamiyatini yuqori baholadi. Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy universitetlari va ilmiy markazlari o‘rtasida qo‘shma tadqiqot loyihalari va akademik almashinuvlarni rivojlantirish muhimligiga e’tibor qaratildi. 

Seminar yakunida tomonlar inson huquqlari sohasidagi zamonaviy tahdidlarni chuqur o‘rganish va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgan qo‘shma forumlar, seminarlar va ekspert uchrashuvlarini tashkil etish orqali ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi. 

***

Tadbir doirasida A.Saidov va S.Szyango uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.  

Xitoy delegatsiyasi a’zolariga O‘zbekistonning milliy qonunchiligi va inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi asosiy o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya loyihasi ishlab chiqilgan. 

O‘z navbatida, Xitoyda amalga oshirilgan izchil islohotlar va ochiqlik siyosati natijasida oliy qadriyat hisoblanuvchi inson huquqlarini himoya qilish borasida muhim natijalarga erishilgani qayd etildi. 

S.Szyango O‘zbekistonning inson huquqlari sohasida erishgan taraqqiyotini yuqori baholar ekan, bu boradagi shiddatli va qamrovdor islohotlarni – beqiyos yangilanishlar, deb ta’rifladi. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashabbuslari asosida BMT Bosh Assambleyasining 15 ta rezolyutsiyasi qabul qilinganini e’tirof etdi.  

Bu boradagi natijador qadamlar, o‘z navbatida, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘si tobora oshib borayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi hamkorlikda ishlab chiqqan "Sivilizatsiyalararo muloqot xalqaro kuni" nomli rezolyutsiyaning BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilinganiga alohida e’tibor qaratildi.

Hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida bir qator aniq rejalar, xususan, inson huquqlari sohasidagi milliy strategiyalar va harakatlar rejalarini amalga oshirishga yondashuvlarni o‘rganish, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy kun tartibining dolzarb masalalari, shu jumladan, raqamli makonda huquqlarni himoya qilish va qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqni ta’minlash kabi zamonaviy tahdidlar bo‘yicha muntazam qo‘shma seminarlar va konferensiyalar o‘tkazish yuzasidan kelishib olindi.

N.Abduraimova, 

A.Mamadaminov (surat),

O‘zA

Powered by GSpeech