“Aynan mustaqillik, barcha siyosiy-huquqiy kafolatlarni o‘zida mujassam etgan holda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyamizni amalga oshirish, jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini kuchaytirish, inson qadri, huquq va manfaatlarini ta’minlash, mintaqamizda yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yanada rivojlantirish, dunyo mamlakatlari bilan faol hamkorlik qilish, Vatanimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda beqiyos tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda”.
Ushbu fikrlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 10 iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida ta’kidlangan. Mamlakatimiz bo‘ylab, mazkur qaror ijrosi doirasida, “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
25 avgust kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida bo‘lib o‘tgan tadbir ham Mustaqillikning 34 yilligiga bag‘ishlandi. Milliy markaz direktori akademik Akmal Saidov eng qutlug‘ va eng aziz bayram bilan mehnat jamoasini chin qalbdan samimiy tabrikladi.
Tadbirda alohida qayd etilganidek, 1991 yil 31 avgustda mard va olijanob xalqimizning xohish-irodasi va azmu qarori bilan qo‘lga kiritilgan Milliy istiqlolimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi barcha islohotlarimiz hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi tarixiy sharoitda har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mustaqilligimizning ana shunday ulkan ahamiyatini e’tirof etgan holda, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida ham milliy istiqlolimizning o‘ttiz to‘rt yillik shonli sanasi Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot darajasi, jahon maydonidagi obro‘-e’tiboriga har tomonlama munosib tarzda, yuksak saviyada nishonlanmoqda.
Milliy markaz vakillari Mustaqillik bayramining yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlash borasidagi ahamiyatiga bag‘ishlab joylarda o‘tkaziladigan turli ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar va umumxalq sayillarida ishtirok etadilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 25.08.2025
- Ko'rishlar: 234
- Chop etish