Joriy yilning 25-avgust kuni Senat Raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligida “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti tanlovini o‘tkazish bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari, qator vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Tashkiliy qo‘mitaning dastlabki majlisi o‘tkazildi.
Taʼkidlash kerakki, “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida taʼsis etilgan.
“Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti tanlovini mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan fuqarolik jamiyati institutlari, faol jamoatchilik vakillari hamda tashabbuskor fuqarolarni rag‘batlantirish maqsadida Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan har ikki yilda o‘tkazish nazarda tutilgan. Ushbu tanlov joriy yilda ilk marotaba tashkil etilmoqda.
Tanlovda quyidagi 8 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi:
− inson huquq va erkinliklarining samarali himoyachisi;
− yoshlar siyosati sohasidagi tashabbuskor yetakchi;
− mahallalardagi jamoatchilik tuzilmalarining faoli;
− eng faol jamoatchilik nazoratchisi;
− ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha faol va tashabbuskor;
− ijtimoiy innovatsiyalar va rivojlanish bo‘yicha eng faol va tashabbuskor;
− inklyuziv jamiyat barpo etish bo‘yicha eng faol tashabbuskor;
− metsenatlik faoliyati bo‘yicha eng faol va tashabbuskor.
G‘oliblar Tashkiliy qo‘mita xulosasi hamda keng jamoatchilik fikri asosida aniqlanadi hamda nominatsiyalari bo‘yicha birinchi o‘rin BHMning 50 baravari, ikkinchi o‘rin BHMning 40 baravari, uchinchi o‘rin BHMning 30 baravari miqdorida pul mukofoti, maxsus statuetka va sertifikat bilan taqdirlanishi taʼkidlandi.
Tanlovda ishtirok etish uchun 2025-yilning 1-oktabriga qadar Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va uning hududiy bo‘linmalariga so‘nggi ikki yilda faoliyat yuritayotgan fuqarolik jamiyati institutlari, faol jamoatchilik vakillari va tashabbuskor fuqarolar shaxsiy maʼlumotlari hamda faoliyati va erishgan yutuqlarini aks ettiruvchi hujjatlar bilan birga ariza topshirishlari mumkin.
Majlis yakunida tanlov haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish, g‘oliblarni shaffof tizim orqali aniqlash hamda tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa tashkiliy masalalar yuzasidan kelishib olindi.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI
- Qo'shildi: 25.08.2025
- Ko'rishlar: 112
- Chop etish