5-sentyabr – Xalqaro xayriya kuni
“Xayriya – kuchli bo‘lganlarni zaiflarga yordam berishga chaqiradi”. Hindiston milliy-ozodlik harakati rahbari, taniqli mutafakkir Maxatma Gandining dunyoda insonparvarlik, rahm-shafqat va bag‘rikenglikni targ‘ib etuvchi bu hikmatli so‘zlari aynan 5-sentyabr – Xalqaro xayriya kuni munosabati bilan aytilganga o‘xshaydi deb e’tirof etilgan. Chunki har yili ushbu sana butun jahonda ehtiyojmandlarga yordam berish, jamiyatda birdamlik muhitini yaratish va ko‘ngillilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida nishonlanadi.
Ayni bayram dunyoning ko‘plab davlatlarida tantana qilinadi hamda aholini xayriya ishlari va yordamga muhtoj insonlarga e’tibor qaratishga undaydi. Xayriya – nafaqat moliyaviy yordam, balki vaqt, kuch va e’tibor bilan ham ifodalanadi.
Bu xalqaro sana O‘zbekistonda milliy qadriyatlar, diniy-ma’naviy an’analar va davlat siyosati bilan uyg‘un tarzda nishonlanmoqda. U har birimizning chin yurakdan qilgan kichik yordamimiz bilan jamiyatda katta o‘zgarishlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.
Xalqaro xayriya kunini ta’sis etish tashabbusi Vengriya tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, BMT Bosh Assambleyasining 2012-yil 17-dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan. Aynan 5-sentyabr kunining tanlanishi xayriya ishlariga umrini bag‘ishlagan ona Terezaning xotirasi bilan bog‘liqdir.
Ya’ni, 1997-yil 5-sentyabrda buyuk insoniylik ramziga aylangan, Nobel bo‘yicha mukofoti sohibasi ona Tereza vafot etgan. Ona Tereza umri davomida Hindistonning aholisi eng qashshoq tumanlarida beminnat va beg‘araz xayriya ishlari bilan shug‘ullanib, dunyo ahli uchun xayriya harakatining ilhom manbai bo‘lgan. Uning ibratli hayoti butun insoniyatga namuna bo‘lib qolmoqda.
Xalqaro xayriya kunini o‘tkazishdan maqsad – insonlar orasida o‘zaro yordam va hamjihatlik tamoyillarini rivojlantirish, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish, jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ocharchilikka barham berish kabi masalalarda sezilarli o‘zgarishlar yaratishga qaratilgan global harakatni shakllantirishdir.
Ushbu kun insonlarni boshqalarga yaxshilik qilishga undaydi va har bir kishiga xayrli ishlarga qo‘shilish imkoniyatini taqdim etadi. Zero, biz amalga oshirgan kichkina yordam ham boshqa bir insonning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirishga qodir ekanini unutmaylik.
O‘z vaqtini, bilim va tajribasini boshqalar manfaatiga bag‘ishlash, muhtojlarga mehr va e’tibor ko‘rsatish, biror bir kishiga yaxshi so‘z aytish yoki ularni qo‘llab-quvvatlash, ya’ni yaxshi xulqni namoyish etish ham aslini olganda xayriya hisoblanadi.
Mamlakatimizda, ayniqsa, so‘nggi yillarda xayriya faoliyati davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-dekabrdagi qarori bilan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” joriy qilingani ehtiyojmand qatlamlarni aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatishda muhim qadam bo‘ldi.
Shu negizda “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati, “El-yurt umidi” jamg‘armasi, “Mahallabay” tizimi orqali aholiga xayriya va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishning samarali mexanizmi shakllantirildi.
O‘zbekistonda xayriya ishlarining muhim tashkilotlaridan biri “Vaqf” fondi hisoblanadi. “Vaqf” fondi – ijtimoiy yordam, xayriya, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va boshqa ijtimoiy sohalarda faoliyat yuritadigan tashkilotdir.
“Vaqf” fondi o‘z faoliyatini asosan yordamga muhtojlarga, xususan, keksalarga, bolalarga, nogironlarga va ehtiyojmand oilalarga qaratadi. Bu tashkilot turli xayriya tadbirlarini o‘tkazadi va mana shu tadbirlarida ko‘ngilli bo‘lib ishlash, muhtojlarga oziq-ovqat, tibbiy yordam, ta’lim va boshqa kerakli resurslarni taqdim etadi. Shuningdek, “Vaqf” fondi tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar orqali jamiyatda ijtimoiy tenglikni ta’minlash, insonlarning turmush tarzini yaxshilash va yangi imkoniyatlarni yaratish maqsad qilinadi.
Bundan tashqari, “Zamin” fondi O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xayriya tashkilotlaridan biridir. “Zamin” fondi asosan ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida yordam ko‘rsatishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Bu fond tomonidan amalga oshiriladigan asosiy loyihalar orasida, ehtiyojmand o‘quvchilarga stipendiyalar taqdim etish, yetim bolalarga yordam ko‘rsatish, tibbiy yordam ko‘rsatish va boshqa xayriya ishlari mavjud. “Zamin” fondi o‘zining faoliyati bilan nafaqat ijtimoiy muammolarga yechim topishda, balki jamiyatda madaniyatli va yordamga muhtojlarga e’tiborli munosabatni shakllantirishda ham muhim rol o‘ynamoqda.
Yurtimizda yana ko‘plab boshqa xayriya tashkilotlari ham ijtimoiy yordam ko‘rsatishda faol ishtirok etib kelmoqda. Bu kabi tashkilotlar insonlarni ezgulik yo‘lida birlashtirib, ularning yordamga muhtojlarga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishga yordam beradi.
BMT, YUNISEF, Qizil Yarim Oy jamiyati kabi xalqaro tashkilotlar butun dunyo bo‘ylab xayriya faoliyatini qo‘llab-quvvatlamoqda. Ko‘pgina davlatlarda notijorat tashkilotlari va xayriya ishlarini qo‘llab-quvvatlovchi davlat dasturlari amal qilmoqda. Jamiyat va davlat o‘rtasidagi hamkorlik xayriya sohasida muhim ijobiy natijalarga olib kelmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston BMT, YUNISEF, Qizil Yarim Oy, YUNFPA va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan ham hamkorlikda insonparvarlik va xayriya loyihalarini amalga oshirmoqda. Masalan:
· YUNISEF bilan hamkorlikda nogironligi bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari;
· Qizil Yarim Oy jamiyati orqali qon topshirish va tibbiy yordam tadbirlari;
· YUNFPA va “Zamin” jamg‘armasi bilan reproduktiv sog‘liqni ta’minlash bo‘yicha xayriya tashabbuslari hayotga tatbiq etilmoqda.
O‘zgalarga mehr va yordam ko‘rsatish har bir insonning o‘z qo‘lidadir. Xayriya qilish uchun albatta boy bo‘lish shart emas. Kichik harakat ham katta o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.
5-sentyabr – insonparvarlik, bag‘rikenglik va dunyoni yaxshilikka qaratadigan harakatlar kuni. Bu xayriya uchun shunchaki rasmiy kuni emas, balki inson qalbidagi rahm-shafqat, mehr va insoniylikni qayta uyg‘otuvchi hayotiy sana.
Har bir inson ushbu kunda va undan keyin ham jamiyat hayotini yaxshilashga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin. Chunki har qanday xayrli ish, qanchalik katta yoki kichik bo‘lmasin, insoniyat uchun muhim ahamiyatga ega. Xalqimiz orasidagi “Bir yaxshilik ming yomonlikni yo‘q qiladi” degan hikmatli ibora bu kunning asl mohiyatini o‘zida namoyon etadi.
Gulchehra Begmatova,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali tahririyati katta muharriri
- Qo'shildi: 05.09.2025
- Ko'rishlar: 244
- Chop etish