BMTning shartnomaviy organlari qoidalari va individual holatlar bo‘yicha maxsus tartib-qoidalar tavsiyalarini implementatsiya qilishga bag‘ishlangan davra suhbati

Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish doirasida 2025-yil 4-5-sentyabr kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining shartnomaviy organlari va alohida holatlar bo‘yicha maxsus tartib-qoidalari tavsiyalarini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan ikki kunlik seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo mintaqaviy bo‘linmasi va Xalqaro huquqshunoslar komissiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Seminar Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud sudyalari, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Ombudsman instituti, Advokatlar palatasi, "Taraqqiyot strategiyasi" markazi, ilmiy doiralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida o‘tkazildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Akmal Saidov o‘z nutqida inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish bo‘yicha faol va tizimli ishlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar yo‘lining ajralmas qismi ekanini ta’kidladi. Xususan, "inson huquqlari sohasidagi xalqaro mexanizmlar tavsiyalarini implementatsiya qilish nafaqat yuridik majburiyat, balki huquqiy tizimning yetukligi, davlatning fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro hamjamiyat bilan ochiq muloqot va o‘zaro hamkorlikka tayyorligi ko‘rsatkichidir", – dedi akademik A.Saidov.

Tadbirning ochilishida so‘zga chiqqan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Matilda Bogner shunday dedi: "Bugun biz xalqaro normalarni shunchaki muhokama qilmayapmiz – biz fuqarolar manfaatlari yo‘lida ularni amalda ro‘yobga chiqarish vositalarini yaratmoqdamiz. Bu xalqaro mexanizmlar tavsiyalari qog‘ozda qolib ketmasligi, balki amaliyotda, jumladan, sud va ma’muriy tizimlarda o‘z tatbiqini topishi uchun muhim qadamdir".

Xalqaro yuristlar komissiyasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha dasturi direktori Timur Shakirov o‘z nutqida quyidagilarni ta’kidladi: "Tavsiyalarni samarali amalga oshirish uchun barcha manfaatdor tomonlar – davlat organlaridan tortib fuqarolik jamiyatigacha – zarur bilim, vositalar va siyosiy irodaga ega bo‘lishi talab etiladi. Biz O‘zbekistonning ochiq muloqotga tayyorligini, shuningdek, nafaqat xalqaro tajribani o‘rganish, balki uni milliy kontekstga moslashtirish istagini olqishlaymiz".

Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Jenevada bo‘lib o‘tgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida bayon etilgan pozitsiyasiga alohida urg‘u berildi. Davlatimiz rahbari O‘zbekistondagi islohotlar jarayonida insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash markaziy o‘rin tutishini ta’kidlaganiga e’tibor qaratildi.

Seminarda BMT shartnomaviy organlari mulohazalarining yuridik maqomi va huquqiy tabiati, ularni milliy huquqiy tizimga implementatsiya qilish yo‘llari, shuningdek, tegishli xalqaro majburiyatlarni bajarishda O‘zbekiston oldidagi amaliy masalalar va imkoniyatlar batafsil ko‘rib chiqildi. BMTning Maxsus tartib-taomillari mexanizmlari, shu jumladan maxsus ma’ruzachilarning tavsiyalari va ularni boshqa mamlakatlarda muvaffaqiyatli joriy etishga oid misollar keltirildi.

Ushbu mexanizmlarning O‘zbekistonda inson huquqlari tizimining ochiqligi, hisobdorligi, institutsional rivojlanishi va barqarorligini ta’minlashdagi ahamiyati ta’kidlandi.

Seminar doirasida kichik guruhlarda interfaol ish olib borildi. Bunda ishtirokchilar idoralararo hamkorlik samaradorligini oshirish, fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish, tavsiyalarni amalga oshirish jarayonida shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, monitoring va hisobotning ta’sirchan shakllarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqdilar.

Muhokamalar yakunida bir qator amaliy tavsiyalar, jumladan, qisqa va o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlarni belgilash bo‘yicha takliflar tayyorlandi. Bu o‘rinda, jumladan, huquqiy xabardorlikni oshirish, inson huquqlari bo‘yicha milliy mexanizmlarni institutsional mustahkamlash, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kengaytirish va xalqaro majburiyatlarning lozim darajada bajarilishini ta’minlash bo‘yicha tadbirlar haqida so‘z bormoqda.

Seminar o‘zaro fikr almashish, professional hamkorlik qilish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlarini himoya qilish tizimini xalqaro standartlarga muvofiq yanada takomillashtirishga qaratilgan aniq qadamlarni ishlab chiqish uchun muhim platforma bo‘ldi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech