BMT shartnomaviy organlari qoidalarini implementatsiya qilishning ahamiyati qanday?

Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish doirasida BMTning shartnomaviy organlari va alohida holatlar bo‘yicha maxsus tartib-qoidalari tavsiyalarini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi va Xalqaro huquqshunoslar komissiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda sudyalar, huquqiy idoralar vakillari, "Taraqqiyot strategiyasi" markazi, ilmiy doiralar, NNT, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Akmal Saidov inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish bo‘yicha faol va tizimli ishlar amalga oshirilayotgani islohotlar yo‘lining ajralmas qismi ekanini ta’kidladi. Xususan, inson huquqlari sohasidagi xalqaro mexanizmlar tavsiyalarini implementatsiya qilish nafaqat yuridik majburiyat, balki huquqiy tizimning yetukligi, davlatning fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro hamjamiyat bilan ochiq muloqot va o‘zaro hamkorlikka tayyorligi ko‘rsatkichidir. 

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Matilda Bognerning qayd etishicha, xalqaro normalarni fuqarolar manfaatlari yo‘lida amalda ro‘yobga chiqarish vositalari yaratilmoqda. Bu xalqaro mexanizmlar tavsiyalari qog‘ozda qolib ketmasligi, balki amaliyotda, jumladan, sud va ma’muriy tizimlarda o‘z amaliy ifodasini topishi zarur. 

Xalqaro yuristlar komissiyasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha dasturi direktori Timur Shakirov tavsiyalarni samarali amalga oshirish uchun barcha manfaatdor tomonlar – davlat organlaridan tortib fuqarolik jamiyatigacha zarur bilim, vositalar va siyosiy irodaga ega bo‘lishi talab etilishini ta’kidladi. 

O‘zbekistonning ochiq muloqotga tayyorligi, shuningdek, nafaqat xalqaro tajribani o‘rganish, balki uni milliy kontekstga moslashtirish istagini olqishlashini bildirdi. 

Tadbir doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Jenevada bo‘lib o‘tgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida bayon etilgan pozitsiyasiga alohida urg‘u berildi. O‘zbekistondagi islohotlar jarayonida insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash markaziy o‘rin tutishiga e’tibor qaratildi.

Seminarda BMT shartnomaviy organlari mulohazalarining yuridik maqomi va huquqiy tabiati, ularni milliy huquqiy tizimga implementatsiya qilish yo‘llari, shuningdek, tegishli xalqaro majburiyatlarni bajarishda O‘zbekiston oldidagi amaliy masalalar va imkoniyatlar batafsil ko‘rib chiqildi. 

BMTning Maxsus tartib-taomillari mexanizmlari, shu jumladan, maxsus ma’ruzachilarning tavsiyalari va ularni boshqa mamlakatlarda muvaffaqiyatli joriy etishga oid misollar keltirildi. Ushbu mexanizmlarning O‘zbekistonda inson huquqlari tizimining ochiqligi, hisobdorligi, institutsional rivojlanishi va barqarorligini ta’minlashdagi ahamiyati ta’kidlandi.

Seminar doirasida kichik guruhlarda interfaol ish olib borildi. 

Bunda ishtirokchilar tomonidan idoralararo hamkorlik samaradorligini oshirish, fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish, tavsiyalarni amalga oshirish jarayonida shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, monitoring va hisobotning ta’sirchan shakllarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. 

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech