8-sentyabr – Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni
Ushbu sana Xalqaro jurnalistlar tashkiloti IV kongressining qaroriga asosan 1958-yildan buyon dunyo miqyosida nishonlab kelinmoqda. Dastavval, ushbu xalqaro sanani ta’sis etgan tashkilot haqida muxtasar to‘xtalish o‘rinlidir.
Xalqaro jurnalistlar tashkiloti – shu kasb sohasi bo‘yicha jahon miqyosida eng yirik va “yoshi ulug‘” tuzilma. U o‘z saflarida sayyoramizdagi 420 ming nafardan ziyod jurnalistni birlashtirgan. Boshqa demokratik tashkilotlar qatori Xalqaro jurnalistlar tashkiloti ham gumanizmning umuminsoniy qadriyatlari amal qilishi, xalqaro huquq normalariga rioya etilishi, jahon hamjamiyatining BMT timsolidagi institutlariga hurmat ko‘rsatilishi, yangicha xalqaro axborot tartib-taomili mustahkam qaror topishi uchun intilib kelmoqda.
Xalqaro jurnalistlar tashkilotining Buxarest shahrida bo‘lib o‘tgan o‘sha kongressi deputatlarining fikricha, Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni barcha mamlakatlar va davriy nashrlar jurnalistlari butun dunyoga o‘zlarining ahilligini, ayniqsa, o‘z huquqlarini himoya qilish borasida birdamligini namoyish etishlari uchun zarur. Shu ma’noda, har yili mazkur sanada dunyoning turli mamlakatlari jurnalistlarini bir joyda jamlaydigan qurultoy va anjumanlar o‘tkazib, o‘zaro tajriba almashish hamda soha peshqadamlarini taqdirlash yaxshi an’anaga aylangan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, XX asr oxirida bo‘lib o‘tgan BMTning navbatdagi konferensiyasida ham Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni sifatida e’tirof etilgan ayni sana tasodifan tanlangan emas. Zero, 1943-yilning 8-sentyabrida chexoslavakiyalik jurnalist va adabiyotshunos Yulius Fuchik Germaniyada fashistlar tomonidan qatl etilgan.
Ma’lumki, Yulius Fuchik 1942-yil 24-aprelda fashistlarga qarshi faoliyati uchun gestapo tomonidan asirga olingan va Pragadagi qamoqxonada “Dor ostidan reportaj” kitobini yozgan. Muallif vafotidan so‘ng jahonning 70 ta tiliga tarjima qilingan ushbu asar 1950-yilda “Tinchlik” xalqaro mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Keyingi davrda jurnalistika butun yer yuzidagi eng xavfli kasblardan biri bo‘lib qolmoqda. Dunyoning deyarli barcha hududlarida har yili jurnalistlar tajovuzlarga duch kelmoqda va qurbon bo‘lmoqda. Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (Committee to Protect Journalists) jahon miqyosida qancha jurnalist qurbon bo‘lgani, qanchasi daraksiz yo‘qolgani va qamoqxonalarda saqlanayotganiga oid ma’lumotlarni muntazam e’lon qilmoqda. Afsuski, bu ko‘rsatkichlar tobora ortib borayotgani tashvish uyg‘otmasdan qolmaydi.
O‘tgan yili shu sana atrofida “BMT yangiliklari” saytida BMT Bosh kotibining jurnalistlar xavfsizligiga bag‘ishlangan ma’ruzasi haqida maqola chop etildi. Unda jurnalistikaning yana bir dolzarb va og‘riqli muammosi – sohada ishlayotgan xotin-qizlar hali ham ozchilikni tashkil etishi haqda so‘z borgan. Buning sababi shundaki, ular – jinsiy mansubligi bahonasida – lavozim pillapoyalaridan ko‘tarilishda to‘siqlarga uchramoqda, ko‘p hollarda tahdidlarga duchor bo‘lmoqda va zo‘ravonlik qurbonlariga aylanmoqda.
Ma’ruzada BMT rahbarining ayni mavzudagi ma’ruzasidagi alohida bob “Ommaviy axborot vositalaridagi xotin-qizlarning holati” masalasiga bag‘ishlangan. Ommaviy axborot vositalari sohasidagi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash xalqaro fondi 2021-yilda bu borada tadqiqot o‘tkazgan. Natijada o‘rganilgan 522 ta mediakompaniya xodimlari sonining atigi uchdan bir qisminigina ayol-jurnalistlar tashkil etishi aniqlangan.
Mavjud gender notenglik ham ayol-jurnalistlarning oylik maoshlari miqdoriga, mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishiga va kasbiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotir. Aksariyat hollarda jiddiy va o‘ta muhim mavzularni yoritish – erkak-jurnalistlar zimmasiga, ahamiyati kamroq mavzularni esa ayol-jurnalistlarga topshirishdek nomaqbul aqidalarga rioya qilinmoqda. Ayol-jurnalistlar rahbarlik lavozimlarini egallashda erkak-jurnalistlarga nisbatan ko‘proq to‘siqlarga uchramoqda.
Dunyoning ko‘plab mamlakatlari tahririyatlarida haligacha xotin-qizlarga shilqimlik qilish hollari uchrab turibdi. Garchi, kasbiy nuqtayi nazardan, har ikki jinsga mansub OAV vakillari turli tajovuzlarga uchrayotgan bo‘lsalar-da, jinsiy mansubligi bilan bog‘liq holda, aynan ayol-jurnalistlar yanada ko‘proq tahdidlarga duchor bo‘lmoqda.
BMT ma’ruzasida ayol-jurnalistlarning aksar hollarda raqamli texnologiyalar sohasida tahdid va ta’qiblarga to‘qnash kelayotgani qayd etilgan. YUNESKO bilan Jurnalistlar uchun xalqaro markaz o‘tkazgan va 125 mamlakatdan ommaviy axborot vositalarining 900 nafardan ziyod xodimi ishtirok etgan tadqiqotda qatnashgan ayol-jurnalistlarning 73 foizi aynan internetda tajovuzga uchraganligini aytgan.
Ayol-jurnalistlarga internet tarmog‘idagi hujumlar muayyan vaziyatlarda, xususan, saylovlar davrida yanada kuchayadi. Masalan, “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti bahosicha, Braziliyada bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida har bir jurnalistga o‘rtacha har uch soniyada internet orqali xuruj qilingan, bunda tajovuzga uchraganlarning 70 foizini ayol-jurnalistlar tashkil etgan.
Shu bilan birga, YUNESKO va Jurnalistlar uchun xalqaro markaz o‘tkazgan tadqiqot ishtirokchilari o‘zlarining “doksing” (ya’ni, insonning roziligisiz shaxsiy ma’lumotlarini e’lon qilish) qurboniga aylanganidan shikoyat qilgan. Aksariyat hollarda ayol-jurnalistlarga tegishli elektron pochta manzili va telefon raqamlari ekstremistik mazmundagi veb-saytlarda hamda trollingga ko‘maklashadigan saytlarda joylashtirilgan. Hatto bunday tajovuzga uchraganlardan ayrimlarining faoliyatini internet orqali ta’qib etish va akkauntlarini buzib kirish hollari ham uchragan.
YUNESKO va Jurnalistlar uchun xalqaro markaz tadqiqoti ishtirokchilarining 37 foizi internetda jurnalistlarga nisbatan uchrayotgan bunday tazyiqlarga siyosiy arboblarni asosiy aybdor, deb ko‘rsatgan. Ya’ni, ayrim siyosiy arboblarning omma oldidagi ochiq-oshkora tahdidlari, o‘z navbatida, ularning tarafdorlariga ayol-jurnalistlarga nisbatan tajovuz yo tahdid qilish uchun qutqu bergan.
Ma’ruzada ana shu tajovuz va tahdidlar ayol-jurnalistlarning qadr-qimmati va ma’naviy-ruhiy holatiga salbiy ta’sir qilayotganiga e’tibor qaratilgan. Internet orqali “raqamli tajovuz”ni boshidan kechirgan ayol-jurnalistlarning ko‘pchiligi xavotir va iztirob ichida yashayotgani, o‘zini himoyasiz his qilayotgani va o‘ziga nisbatan ishonchi susayganidan arz qilgan.
Yanada achinarlisi, YUNESKO va Jurnalistlar uchun xalqaro markaz tadqiqoti ishtirokchilarining salkam 20 foizi, internetdagi bosimlar bilan bog‘liq holda, rel hayotda ham jismoniy tajovuzga uchraganligini tan olgan. Oqibatda raqamli makonda suiiste’molliklar qurboniga aylangan va shu bilan bog‘liq ravishda jismoniy tajovuzga uchragan ayol-jurnalistlar ko‘pincha ishga kelmay qo‘yadi. Ular o‘ziga kelib olish yoki yana tahdidlarga uchramaslik uchun ishdan bo‘shaydi, ba’zi hollarda esa hatto jurnalistika sohasini butunlay tark etadi.
Shu bilan birga, YUNESKO va Jurnalistlar uchun xalqaro markaz o‘tkazgan tadqiqot natijalari ko‘rsatishicha, respondentlarning 30 foizi, internetdagi tajovuzlardan xavotirlangan holda, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida o‘zini o‘zi senzura qilish yo‘liga o‘tganini bildirgan.
Bundan tashqari, BMT Bosh kotibi ma’ruzasida davlatlar o‘z hududida jurnalistlarga nisbatan sodir etilgan tajovuz holatlari yuzasidan tezkor, xolis va mustaqil surishtiruv o‘tkazish uchun asosiy javobgar tomon hisoblanishi qayd etilgan. Bu boradagi ishlarni haligacha yo‘lga qo‘ymagan davlatlar fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan birgalikda jurnalistlarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha milliy mexanizmlarni yaratishlari taqozo etiladi.
Jurnalistlarga nisbatan tajovuzlarning oldini olish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillariga qarshi jinoyatlar bo‘yicha aybdorlarga nisbatan odil sudlov orqali qonuniy chora ko‘rish amaliyoti shular jumlasiga kiradi. Ayni chog‘da, mamlakatlar internet makonida va undan tashqarida ham fikr erkinligiga amal qilinishini ta’minlaydigan qonunlar qabul qilishlari talab etiladi, deyilgan Bosh kotib ma’ruzasida.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 08.09.2025
- Ko'rishlar: 145
- Chop etish