2025-yil aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi bajarilishi yuzasidan milliy hisobot taqdim etildi.
Ushbu ma’lumot BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining A/HRC/60/56-sonli hujjati sifatida “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining yillik hisoboti va Oliy komissar Boshqarmasi va Bosh kotib hisobotlari”da o‘z aksini topdi.
Mazkur hujjat 2025-yil 8-sentyabrdan – 8-oktyabrgacha Jenevada bo‘lib o‘tayotgan Inson huquqlari bo‘yicha kengashning oltmishinchi sessiyasida ko‘rib chiqilmoqda.
O‘zbekistonning ushbu hisoboti BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 57/10-sonli rezolyutsiyasiga muvofiq tayyorlangan. Unda 2020–2024-yillarda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi doirasida yoshlar uchun inson huquqlari sohasidagi ta’lim dasturlarini amalga oshirish yuzasidan amalga oshirilgan milliy choralar sharhi keltirilgan.
Hisobot 34 ta davlat, jumladan O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan materiallar asosida tayyorlangan. Unda quyidagi to‘rt asosiy yo‘nalishda, ya’ni:
-
davlat siyosati va uni amalga oshirish choralari;
-
o‘quv dasturlari, metodik materiallar va vositalar;
-
o‘qituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash;
-
inson huquqlari sohasidagi ta’lim uchun qulay shart-sharoit yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar yoritilgan.
Hisobotda olingan ma’lumotlarga asoslangan xulosalar va inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish hamda Jahon dasturining to‘rtinchi bosqichi doirasida erishilgan yutuqlarni mustahkamlash bo‘yicha tavsiyalar ham bayon etilgan.
Keltirilgan misollar orasida O‘zbekistonning bir qator tashabbuslari aks etgan. Bu o‘rinda, jumladan, 2021-yilda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tashkil etilgani va davlat grantlari orqali inson huquqlari sohasiga taalluqli fuqarolik jamiyati loyihalarini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilgani haqida so‘z bormoqda.
O‘zbekiston hisobotining BMT rasmiy hujjatlari tarkibiga kiritilishi mamlakatning inson huquqlari qadriyatlarini ilgari surish, milliy ta’lim dasturlari va institutsional mexanizmlarni rivojlantirish, shuningdek, xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlari xalqaro darajada e’tirof etilganidan dalolat beradi.
O‘zbekistonning hisobot tayyorlash va taqdim etish jarayonida ishtirok etishi mamlakatning inson huquqlari sohasidagi umuminsoniy qadriyatlar va xalqaro majburiyatlarga sodiqligini namoyon etadi. Bu boradagi ayni natija, o‘z navbatida, ushbu sohadagi global dasturni amalga oshirish yo‘lida qo‘yilgan muhim qadamlardan biridir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.09.2025
- Ko'rishlar: 97
- Chop etish