AKADEMIK VA YOSHLAR UCHRASHUVI

15-sentyabr kuni Farg‘ona davlat universitetida talaba-yoshlar uchun muhim muloqot bo‘lib o‘tdi. Mazkur ma’rifiy-huquqiy tadbirda yuridik fanlar doktori, professor, akademik, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Saidov ishtirok etdi.

Uchrashuvning bosh maqsadi – yoshlarda huquqiy tafakkurni yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, talabalarga inson huquqlarini ta’minlash borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mohiyatini chuqurroq tushuntirishga va bo‘lajak huquqshunoslar uchun nazariya bilan amaliyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ochib berishga alohida e’tibor qaratildi.

Tarix fakultetining Yurisprudensiya yo‘nalishi talabalari ishtirok etgan uchrashuv ochiq muloqot ruhida kechdi. Akademik A. Saidov huquqiy davlat qurilishida yoshlarning faol ishtiroki, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashda zamonaviy yondashuvlarning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Shuningdek, taniqli huquqshunos olim yuridik bilimlarning nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham puxta o‘zlashtirilishi zarurligiga e’tiborni qaratdi. Bunda yosh kadrlarning sohaga mas’uliyat va vatanparvarlik bilan yondashishlari ayniqsa dolzarb hamda muhimdir.

Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Akademik savollarga batafsil, hayotiy misollar asosida javob berib, yoshlarni chuqur fikrlashga undadi. Bu, o‘z navbatida, tadbirning yanada jonli va interaktiv tusda o‘tishi uchun yetakchi omil bo‘ldi.

Mazkur uchrashuv yoshlarning huquqiy bilimlarini boyitish, huquqiy tafakkurini kengaytirish, inson huquqlari va milliy qonunchilikni yanada teran anglashlariga katta hissa qo‘shdi. Bundan tashqari, ustoz huquqshunos, davlat va jamoat arbobi bilan yuzma-yuz muloqot talabalarga sohaga oid amaliy tajriba va hayotiy saboqlarni olish imkonini berdi.

Shubhasiz, bunday muloqotlar yosh avlodning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni adolat va qonun ustuvorligi tamoyillariga sodiq mutaxassislar sifatida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Farg`ona davlat universiteti rasmiy veb sayti

Powered by GSpeech