16-sentyabr kuni “Tong yulduzi” gazetasi bosh muharriri Feruza Adilova Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi 1-umumta’lim maktabining 4-“B” sinf o‘quvchilari – Sharofiddin Abdurasulov va To‘rabek Abduqayumovga ularning rasmlari chop etilgan “Otamning hovlisi” nomli kitobni taqdim etdi.
Ushbu she’riy to‘plam Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas’ul xodimi – shoir, tarjimon, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzo qalamiga mansub bo‘lib, 2025-yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili munosabati bilan nashr qilingan. Kitobdagi she’rlarda bolalar va atrof-muhit, tabiat va she’riyat, inson huquqlari va ekologiya o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik ravon hamda tushunarli uslubda tarannum etilgan.
Yangi kitob Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan "Tong yulduzi" gazetasi tahririyati bilan birgalikda nashrga tayyorlandi. Shu ma’noda, keyingi davrda o‘zaro hamkorlikda o‘tkazilgan “Inson huquqlari – bolalar nigohida”, “Boylikni bolalikdan asrang!”, “Onajonim tabiat” singari tanlovlar g‘oliblari va ishtirokchilarining gazeta sahifalarida e’lon qilingan ijodiy asarlari – rang-barang rasmlari ham kitobning muqovasi-yu sahifalaridan joy olgani bejiz emas.
Ayni vaqtda yurtimizning turli hududlarida o‘tkazilayotgan ijodiy uchrashuvlar doirasida "Tong yulduzi" gazetasi tahririyati vakillari tomonidan ushbu kitob unda rasmlari chiqqan bolajonlarimizga shaxsan topshirilmoqda. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda Uyushmaning Sirdaryo viloyati bo‘limi hamkorligida Guliston shahridagi 2-umumta’lim maktabida “Bosma OAV: kecha, bugun va ertaga” mavzusida o‘tkazilgan ijodiy uchrashuvda ham xuddi shunday bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov, “Tong yulduzi” va “Ma’rifat” gazetalari, “G‘uncha” hamda “Gulxan” jurnallari bosh muharrirlari ishtirok etdi. O‘qituvchi va o‘quvchilar bilan bo‘lgan mazkur uchrashuvda “Tong yulduzi” gazetasi bosh muharriri F. Adilova so‘z olib, Milliy markaz bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan va natijalari gazetada muntazam e’lon qilinayotgan har bir tanlov g‘oliblari ro‘yxatida sirdaryolik o‘quvchilar ham borligini alohida ta’kidladi.
Ma’lumot uchun: “Otamning hovlisi” kitobining taqdimoti 2025-yil 2-iyun kuni Inson huquqlari uyida bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda so‘zga chiqqan ekspertlar tabiat, ijod va inson huquqlari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikning ahamiyati haqida to‘xtalib, yangi she’riy to‘plam bolalar va o‘smirlar kutgan qiziqarli kitob ekanini e’tirof etdilar.
Taqdimot yakunida o‘tkazilgan mushoirada faollik ko‘rsatgan o‘quvchi-yoshlarga, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga kitoblar taqdim etildi. O‘shanda ushbu kitobda rasmlari chiqqan bolajonlarga ham kitob yetkazib berilishi haqida kelishib olingandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.09.2025
- Ko'rishlar: 43
- Chop etish