26-sentyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Universal davriy hisobot doirasida olingan tavsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha milliy oraliq hisobotni tayyorlashga bag‘ishlangan idoralararo seminar bo‘lib o‘tdi. Mamlakatimiz davlat organlari xodimlari ishtirok etgan ushbu tadbir BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirning asosiy e’tibor O‘zbekiston tomonidan Universal davriy hisobot doirasida qabul qilingan tavsiyalarni amalga oshirish jarayonini baholash, ularning ijrosi yuzasidan idoralararo hamkorlikni kuchaytirish hamda oraliq milliy ma’ruzani tayyorlash bo‘yicha amaliy mexanizmlarni belgilash masalalariga qaratildi.
Mazkur tadbirda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi vakillari, 30 dan ortiq davlat tashkiloti, Oliy sud, Bosh prokuratura, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va Bola huquqlari bo‘yicha vakil instituti, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Seminarning kirish qismida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Matilda Bogner so‘zga chiqdi.
Akmal Saidov o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasining Universal davriy hisobot doirasida xalqaro hamjamiyatdan qabul qilingan tavsiyalarni samarali amalga oshirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, mazkur jarayonning shaffofligini ta’minlash hamda milliy oraliq hisobotni xalqaro standartlarga mos holda tayyorlash muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Seminar doirasida mas’ul vazirlik va idoralar vakillari tajriba va amaliy jarayonlarni muhokama qilishi hamda samarali hamkorlik mexanizmlarini belgilab olishi kerakligini alohida ta’kidlandi.
A. Saidov qayd etganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni bajarish yo‘nalishida muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish, bolalar hamda ayollar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga chek qo‘yish, qiynoqlarga qarshi kurashish va inson huquqlarini ta’minlashning boshqa ustuvor yo‘nalishlarida keng qamrovli chora-tadbirlar ko‘rilayotir.
O‘z navbatida, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Matilda Bogner mazkur seminarning O‘zbekiston uchun amaliy ahamiyatini alohida qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, milliy oraliq hisobot tayyorlanishi xalqaro hamjamiyat oldida mamlakatning inson huquqlari sohasidagi sa’y-harakatlarini namoyon etadigan muhim jarayondir. Shu ma’noda, M.Bogner seminar doirasida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari o‘rtasida samarali muloqot va fikr almashinuvi tashkil etilganini yuqori baholab, bu hamkorlik hisobotning xalqaro standartlarga mos va mazmunan boy bo‘lishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Tadbirning amaliy qismida Universal davriy hisobot doirasida berilgan tavsiyalarni amalga oshirish jarayonida erishilgan yutuqlar va mavjud qiyinchiliklar beshta yo‘nalish bo‘yicha ishchi guruhlarda tahlil qilindi. Jumladan, “Bola huquqlari va ta’lim”, “Gender tenglik va ayollar huquqlari”, “Asosiy inson huquqlari va huquqiy islohotlar”, “Ijtimoiy-iqtisodiy huquqlar va barqaror rivojlanish” hamda “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari va zaif guruhlarni himoya qilish” kabi mavzulardagi ishchi guruh sessiyalari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas’ul xodimlari moderatorligida olib borildi.
Ishchi guruhlardagi muhokamalar yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan asosiy taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, taqdimot orqali ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi. Taqdimot jarayonida har bir ishchi guruh nomidan spikerlar so‘zga chiqib, muhokama qilingan ustuvor masalalar, bildirilgan dolzarb fikrlarni bayon etdilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 29.09.2025
- Ko'rishlar: 357
- Chop etish