1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
“Ta’lim sifatini oshirish hamda ustoz va murabbiylarning mehnat va yashash sharoitini yaxshilash islohotlarimizning eng ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi. Zero, Yangi O‘zbekistonda eng muhim soha – ta’lim, eng hurmatli insonlar – o‘qituvchi va murabbiylardir”. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu fikrlari milliy ta’lim tizimida o‘z amaliy tasdig‘ini topmoqda.
Mamlakatimizda ta’lim va tarbiyaga ustuvor vazifa sifatida yondashilayotgani tahsinga sazovor. So‘nggi sakkiz yilda ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirish borasida ko‘plab salmoqli natijalarga erishildi. Jumladan:
· xususiy sektor bilan birga bog‘chalardagi o‘rinlar 2,5 millionga, qamrov esa 78 foizga yetkazildi;
· yangi maktablar qurilgani, mavjudlari kengaytirilgani hisobiga qo‘shimcha 1 millionta o‘quvchi o‘rni yaratildi;
· zamonaviy darsliklar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida maktab ta’limiga yangi mazmun, yangi sifat kirib kelmoqda;
· oliy ta’limda qamrov 9 foizdan 42 foizga yetkazildi;
· talabalarning 53 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani alohida e’tiborga sazovor;
· hozirgi vaqtda dunyodagi top oliy o‘quv yurtlarida 2 mingdan ziyod talabamiz tahsil olmoqda. Ulardan 750 nafari “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali davlat hisobidan o‘qimoqda;
· o‘tgan 2024-yilda yurtimiz yoshlari top-500 talik oliy o‘quv yurtlariga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston Prezidenti 2025-yil 8-sentyabr kuni ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot doirasida shu boradagi kelgusi rejalar va ularni amalga oshirish chora-tadbirlari bilan yaqindan tanishdi. Xususan:
- 2026-2028-yillarda respublikaning 14 ta hududida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi;
- 2026-yildan boshlab, har yili umumta’lim maktablari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovi o‘tkaziladi;
- tabiiy fanlarni o‘qitishni yaxshilash maqsadida barcha hududlarda ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil qilinadi va Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi maktab bu yo‘nalishda tayanch maktab sifatida xizmat qiladi;
- Toshkent shahrida M. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali, “ToshTech” texnika universiteti hamda Olmaliq davlat texnika instituti ochiladi.
E’tibor bering: joriy o‘quv yilidan boshlab, pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining talabalari uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etildi. Ayni yangilikning mohiyati shundaki, hozirgi kungacha o‘qituvchilikka mehr qo‘ygan yoshlarni rag‘batlantirishga qaratilgan alohida davlat stipendiyasi yo‘q edi.
Yana bir yangilik shuki, Prezidentimiz joriy yil 8-sentyabrda maktabdan tashqari ta’limni yangi bosqichga olib chiqish, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha qarorni imzoladi. Shu asosda joylardagi 219 ta “Barkamol avlod” maktabi, “Yoshlik” sport jamiyati, O‘quvchi yoshlar markazi va O‘zbekiston bolalar tashkiloti negizida respublika, hudud va tumanlarda “Kelajak” markazlari tashkil etiladi.
“Kelajak” markazlari maktablar bilan uzviy va maqsadli tadbirlarni jonlantirib, muhandislik, ilm-fan, madaniyat, san’at, kitobxonlik, sport va ekologiya yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quvchilarni to‘garaklarga jalb qiladi. Ushbu tizim bilan barcha maktablar qamrab olinadi. Har bir o‘rta maktabda maslahatchi lavozimi joriy qilinadi. Maslahatchilar o‘quvchilarning qobiliyati va qiziqishiga qarab, til, kasb, muhandislik, ijod, san’at va sport to‘garaklarini tashkil qiladi.
Ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari sinf rahbari, maktab psixologi bilan xulq-atvorida salbiy o‘zgarish bo‘lgan o‘quvchilarni ta’lim va oiladagi muammolarini o‘rganib, ularni yengib o‘tishga hamrohlik qiladi. Mahalladagi yoshlar yetakchilari esa o‘quvchilar maktabdan tashqari vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun mas’ul bo‘ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 9-sentyabrda bo‘lib o‘tgan ta’lim sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida alohida qayd etilganidek, joriy yil boshidan xalqaro fan olimpiadalarida o‘quvchilarimiz 195 ta medalni qo‘lga kiritdi. Ularga oshirilgan stavkada jami 10 milliard so‘m, murabbiy o‘qituvchilariga esa 3,5 milliard so‘m pul mukofoti beriladi.
Xorijiy til egalari jalb qilingan 1 mingdan ziyod maktabda til bo‘yicha sertifikat olgan o‘quvchilar soni bir yilda 2,5 barobar ko‘paydi. Davlatimiz rahbari ayni raqamlar misolida maktabgacha va maktab ta’limida o‘zgarishlar bo‘layotgani, dasturlar ishlayotgani, natijalar borligini e’tirof etar ekan, ayni chog‘da, kasb-hunar va oliy ta’limga mas’ul mutasaddilar haligacha ta’limdagi islohotlar mazmunini to‘liq tushunib yetmaganligini keskin tanqid qildi.
Shu bois Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rahbariyatida tegishli o‘zgartirishlar amalga oshirildi. Endilikda Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirlari, ularning o‘rinbosarlari, hokimlar preventiv va proaktiv ishlashga o‘tib, ta’limning barcha yo‘nalishlarida katta o‘zgarish qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilar zimmasiga viloyat va tuman hokimlari bilan birgalikda Prezident maktablari va ixtisoslashgan maktablarda orttirilgan tajriba asosida joriy yilda 598 ta texnikumga xalqaro standart bo‘yicha zamonaviy kasbga o‘qitish muhitini olib kirish vazifasi qo‘yildi. Bu ishlarni yagona siyosat asosida olib borish uchun Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilindi.
Yig‘ilishda o‘tgan davrda o‘qituvchilarning oyligiga qo‘shimcha 10 dan ziyod ustamalar joriy qilinganiga urg‘u berilgani bejiz emas. Buning natijasida bugun o‘z ustida ishlagan 60 mingdan ortiq o‘qituvchi 10-12 million so‘m maosh olyapti. Sentyabr oyidan boshlab maktab direktorlari, bog‘cha mudiralari va ularning o‘rinbosarlari oyligi ham 10 million so‘mdan oshdi.
Yangi baholash tizimiga o‘tgan 1,5 ming maktabning 300 tasi ijobiy natija ko‘rsatgani uchun butun jamoasi 40 foizgacha ustama oladi. Bu haqda atroflicha to‘xtalar ekan, “Mening xalqimizga vaqti kelib o‘qituvchilar maoshini ming dollarga yetkazamiz degan gaplarim mana uch yil ichida haqiqatga aylandi”, dedi davlatimiz rahbari.
Haqiqatan ham, Yangi O‘zbekistonni barpo etish sharoitida ustoz va o‘qituvchilar, muallim va murabbiylarga munosabat izchil yuksalib bormoqda. Bu o‘rinda 1-sentyabr – Bilimlar kuni munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga tabrik yo‘llaganini alohida ta’kidlash lozim. Ushbu tabrik “Bilimlar kuni”ni o‘zgacha ma’rifat bayramiga aylantirib yubordi.
Joriy 2025-2026 o‘quv yilida yurtimizdagi 10 mingdan ziyod maktabga “Birinchi qo‘ng‘iroq” jarangi ostida 1-sinfga qabul qilingan 720 mingdan ortiq o‘g‘il-qiz “Prezident sovg‘alari”dan mamnun bo‘ldi. Yangi o‘quv yiliga bag‘ishlangan tadbirlar “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ulug‘vor shior ostida o‘tdi.
Endilikda yosh toifalari bo‘yicha milliy tarbiya modelini yaratishga kirishildi. Bu orqali bolalar zamonaviy kompetensiyaga ega mutaxassis bo‘lish bilan birga milliy qadriyatlarga sodiq inson bo‘lib tarbiyalanadi. Buning ilk qadami sifatida yangi o‘quv yilidan barcha bog‘cha, maktab va oliy o‘quv yurtlarida har dushanba “Kelajak soati” darslari o‘tilmoqda.
Keyingi yillarda butun yurtimiz kabi maktablarimiz qiyofasi ham tubdan o‘zgarib, ular tom ma’noda Yangi O‘zbekiston timsoliga aylanib borayotgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Chunki maktab qanchalik obod va charog‘on bo‘lsa, jamiyat hayoti shunchalik farovon, mazmunli va ma’rifatli bo‘ladi.
Ayniqsa, ko‘plab maktab bitiruvchilari mamlakatimizdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan birga xorijdagi yetakchi universitetlarga yuqori ball bilan o‘qishga kirayotgani, hayotda o‘z munosib o‘rnini topib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shayotgani hayotimizda maktabning, ustoz-murabbiylarning ahamiyati yanada ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 2023-yil 30-apreldagi umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlatning o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati kuchaytirildi. Ushbu normalar mamlakatimiz o‘qituvchilarining professional o‘sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlanishiga, ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi, obro‘sini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 30.09.2025
- Ko'rishlar: 256
- Chop etish