Toshkentda Rossiya olimlari monografiyasi taqdimoti o‘tkazildi

Toshkentdagi Inson huquqlari uyida Rossiya olimlari qalamiga mansub "O‘tmishdan kelajak sari: zamonaviy dunyoda inson huquqlari" nomli monografiyaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Ushbu asar Rossiya davlat gumanitar universitetining Meros va zamonaviy jamiyat instituti tomonidan nashr etilgan.

Taqdimot Rossiya Federatsiyasi Prezidentining maslahatchisi, Prezident huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash raisi Valeriy Fadeyev rahbarligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida o‘tkazildi. 

Taqdimotda har ikki mamlakatning yetakchi davlat va ilm-fan arboblari, davlat organlari, akademik doiralar va inson huquqlari tashkilotlari vakillari oflayn tarzda, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda viloyat markazlaridagi axborot-kutubxona markazlari xodimlari onlayn shaklda ishtirok etdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishda yuridik adabiyotning o‘rni o‘ta muhimligini ta’kidladi. Inson huquqlari uyida "Rossiya va inson huquqlari" burchagi ochilganini e’lon qildi. 

Ushbu burchak Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash, Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Patris Lumumba nomidagi Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti Yuridik instituti kabi tashkilot hamda muassasalar taqdim etgan kitoblar hisobiga tashkil etildi.

Rossiya Prezidentining maslahatchisi Valeriy Fadeyev qayd etganidek, ushbu tashabbus Rossiyaning huquq va erkinliklarni himoya qilish tizimi haqidagi bilimlarni tarqatish, shuningdek, kasbiy aloqalar va davlatlararo inson huquqlari muloqotini mustahkamlashga qaratilgan. Zero, bugungi kunda inson huquqlari va erkinliklari muhokamasini birgina an’ana yoki mafkura doirasi bilan cheklab bo‘lmaydi – tez o‘zgarayotgan dunyoda rivojlanishning yangi yo‘llarini taklif eta oladigan keng qamrovli sivilizatsiyalararo muloqot zarur.

So‘zga chiqqanlar monografiya fundamental tadqiqot hisoblanishini qayd etdi. Kitobda inson huquqlari g‘oyalari Rossiya jamiyatining an’anaviy qadriyatlar tizimiga qanday kirib kelgani, boshqa huquqiy va madaniy an’analarga nisbatan qanday rivojlanayotgani hamda global muammolar sharoitida ijtimoiy huquqlar nechog‘lik muhim ahamiyat kasb etayotgani ilmiy, nazariy va amaliy jihatdan chuqur tahlil qilingan.

Taqdimotda ikki mamlakat o‘rtasidagi muloqotni davom ettirish va yangi bosqichga ko‘tarish muhimligiga e’tibor qaratildi. Gumanitar sohadagi qo‘shma loyihalarning ahamiyati alohida ta’kidlandi. 

Taqdimot doirasida delegatsiya a’zolariga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan nashr etilgan yangi kitoblar, qo‘llanma va jurnallar taqdim etildi. 

N.Abduraimova, A.Alijonov (surat), O‘zA

Powered by GSpeech