Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov joriy yilning 3-4-oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan To‘rtinchi Qozon xalqaro huquqshunoslik forumida onlayn ishtirok etdi. Forum tashkilotchilari Tatariston Respublikasi Hukumati va Davlat Kengashi, Qozon shahar hokimligi, Rossiya Yuristlar assotsiatsiyasi hamda Qozon federal universiteti hisoblanadi.
Qozon xalqaro huquqshunoslik forumi dastlab 2022-yilda huquq, iqtisodiyot va biznes sohalaridagi hamkorlik masalalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan. Forumning asosiy vazifasi biznes, jamiyat va davlatning sifatli rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi huquqiy munosabatlar sohasidagi asosiy muammolar va tendensiyalarni aniqlash hamda tahlil qilishdan iborat.
Forum ishida har yili Rossiya va xorijiy davlatlarning yuqori mansabdor shaxslari, jahonning huquq, iqtisodiyot va xalqaro munosabatlar sohasidagi yetakchi ekspertlari, dunyodagi yirik kompaniyalarning yuridik bo‘linmalari rahbarlari, xalqaro huquqshunoslik hamjamiyati vakillari faol ishtirok etadi.
Bu galgi Forum yalpi majlisi "Huquq davri: ko‘p qutbli dunyoda universal til izlab" mavzusiga bag‘ishlandi. Xalqaro anjuman maydoni hokimiyat organlari, yirik kompaniyalar rahbarlari, huquqshunos olimlar, taniqli jamoat va davlat arboblari, biznes vakillarini birlashtirdi. Forum ishida BRIKS va MDH davlatlari, shuningdek, Eron, Fransiya, Birlashgan Arab amirliklari kabi jami 28 mamlakatdan 1500 dan ortiq vakil hamda Rossiyaning 70 dan ortiq shahridan mutaxassislar qatnashdi.
Ishtirokchilar Forumning ahamiyatini alohida ta’kidladilar. Ayniqsa, Qozon huquqshunoslik maktabi va Tatariston vakillarining federal darajadagi faol yuridik faoliyati munosib e’tirof etildi. Xususan, Tatariston Davlat kengashi va respublika Adliya vazirligi mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish to‘g‘risidagi qonunni yangilash borasida katta ishlarni amalga oshirgani qayd etildi.
Xalqaro va milliy huquq o‘rtasidagi munosabat, huquqiy muhandislik va tartibga solishning yangi modellari xalqaro yuridik anjuman munozarasining asosiy masalalariga aylandi. Forumda so‘zga chiqqan Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Qonunchilik va qiyosiy huquqshunoslik instituti direktori, akademik Taliya Xabriyevaning fikricha, huquq milliy an’analar va barqarorlikni saqlab qolgan holda raqamlashtirish va sun’iy intellekt muammolariga javob berishi kerak.
Ishtirokchilar, shuningdek, qonunchilikning yangi tendensiyalarini tahlil qildilar. Mintaqaviy va federal institutlar tajribasi bilan o‘rtoqlashildi, jamiyat va iqtisodiyotni tartibga solishning zamonaviy mexanizmlari atroflicha muhokama qilindi.
Qozon Ratushasida IV Qozon xalqaro huquqshunoslik forumi doirasida Tatariston Davlat Kengashining 30-yilligiga bag‘ishlangan maxsus parlament anjumani o‘tkazildi. Tadbir "Parlamentlararo hamkorlik vakillik hokimiyatini rivojlantirish omili sifatida" degan mavzu bo‘yicha tashkil etildi.
Unda Rossiya mintaqalari vakillari va xorijiy delegatsiyalar ishtirok etdi. Sessiya qatnashchilari parlamentlararo hamkorlikning samarali tajribalarini, jumladan, qo‘shma iqtisodiy loyihalar, madaniy almashinuvlar va ta’lim tashabbuslarini ko‘rib chiqdilar.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov IV Qozon xalqaro huquqshunoslik forumi doirasidagi uchta seksiya ishida ma’ruza qildi. Bu o‘rinda “Parlamentlararo hamkorlik vakillik hokimiyatini rivojlantirish omili sifatida”; “Qozon huquqshunoslik maktablari: professor V. Lazarev xotirasiga bag‘ishlangan nazariy-huquqiy memorial”; “Zamonaviy dunyo tartibiga mavjud tahdidlar sharoitida tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda xalqaro huquqning roli (G‘alabaning 80-yilligi va BMT 80-yilligi munosabati bilan)” nomli seksiyalar haqida so‘z bormoqda.
O‘zbekiston vakilining ma’ruzalarida mamlakatimizda konstitutsiyaviy qurilish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, "O‘zbekiston - 2030" taraqqiyot strategiyasining ijrosi, barqaror rivojlanish va inson huquqlarini himoya qilish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi. Forum ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi tashabbuslariga oid axborotga katta qiziqish bildirdilar.
Forumda notiqlar va ekspertlar zamonaviy huquq masalalari bo‘yicha o‘zaro tajriba va fikr almashdilar. Shuningdek, qonunchilikni monitoring qilish va takomillashtirish, biznesni huquqiy himoya qilish, sug‘urta huquqi, bankrotlik va soliq islohotlarining dolzarb masalalari haqida so‘z yuritildi.
Sud jurnalistikasi, arbitraj va mediatsiya amaliyoti, sun’iy intellektning qonunchilikni takomillashtirish va huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’siri muammolariga chuqur e’tibor qaratildi. Qonunchilik va yuridik kadrlarni rivojlantirish konsepsiyasini tayyorlashda huquqshunoslik fani va ta’limning roli kabi masalalar ham muhokama qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.10.2025
- Ko'rishlar: 172
- Chop etish