Har yili oktyabr oyining 1-sanasi yurtimizda O‘qituvchi va murabbiylar kuni, 5-sanasi esa butun dunyoda Jahon o‘qituvchilar kuni sifatida nishonlanadi. Bu sanalar ustozlarning fidokorona mehnatini qadrlash, ularning inson kamoloti va jamiyat taraqqiyotidagi beqiyos o‘rnini e’tirof etish uchun belgilangan.
Jahon o‘qituvchilar kuni 1966-yili YUNESKO va Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan qabul qilingan “O‘qituvchilarning maqomi to‘g‘risida”gi tavsiyanomaga asosan belgilangan bo‘lib, 1994-yildan beri nishonlab kelinadi. Mazkur hujjat o‘qituvchilarning huquqlari, mehnat sharoiti va kasbiy standartlarini belgilab bergan.
2025 yilgi bayram mavzusi – “O‘qituvchilikni hamkorlikka asoslangan kasb sifatida qayta ko‘rish”. Ushbu g‘oya o‘qituvchilar faoliyatida jamoaviy hamkorlik, tajriba almashish va o‘zaro yordamning ahamiyatini yoritadi. YUNESKO, XMT, YUNISEF va xalqaro ta’lim tashkilotlari ta’lim sohasidagi siyosat va amaliyotni qayta ko‘rib chiqish, o‘qituvchilarning kasbiy hamkorligini kuchaytirishga chaqirmoqda. Mazkur tashkilotlar rahbarlarining qo‘shma bayonotida shunday deyilgan:
“Faqat samarali hamkorlik orqali biz inklyuziv va barqaror ta’lim tizimini yarata olamiz”.
1996-yil 27-dekabrda qabul qilingan “O‘qituvchi va murabbiylar kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq, 1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida belgilangan.
Yurtimizda so‘nggi sakkiz yilda ta’lim va ilmfanga ajratilgan mablag‘lar 6 barobar oshirilib, 378 trln so‘mga yetdi. Yuzlab yangi bog‘chalar, maktablar, texnikum va oliygohlar barpo etildi. Bog‘chalar soni 5200 tadan 38 mingtagacha ko‘paydi, qamrov darajasi 27 foizdan 78 foizga oshdi.
Pedagoglarni rag‘batlantirish uchun qator imtiyozlar joriy etilmoqda:
-
15-yil stajga ega oliy toifali o‘qituvchilar ipoteka boshlang‘ich badalining 25 foizini davlat hisobidan qoplaydi;
-
pedagog farzandlarining oliygoh kontraktiga 30 foiz chegirma beriladi;
-
10 million so‘mgacha imtiyozli kompyuter krediti ajratiladi;
-
dunyodagi TOP300 universitetlarga o‘qishga kirgan bo‘lg‘usi pedagoglar 20 ming AQSH dollarigacha ta’lim krediti oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 52moddasida ham o‘qituvchi mehnati jamiyat taraqqiyotining asosi sifatida e’tirof etilgan. Asosiy qonunda davlat ularning sha’ni va farovonligi haqida g‘amxo‘rlik qilishi belgilab qo‘yilgani bu kasbga bo‘lgan yuksak e’tiborning yorqin dalilidir.
O‘qituvchi – millat ma’naviyati ustuni, bilim chirog‘ini yoquvchi va kelajakka poydevor qo‘yuvchi inson. Bu kabi choratadbirlar ustozlik kasbini yana jamiyatdagi eng nufuzli va sharafli kasblardan biriga aylantirishga xizmat qiladi.
Farhod HAYITBOYEV,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i
«Iste’mol madaniyati» gazetasining 2025-yil 9-oktyabr kungi 18 (210)-soni
- Qo'shildi: 10.10.2025
- Ko'rishlar: 118
- Chop etish