Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari ta’minlanishi mavzusidagi maqolasi (https://diplomaticwatch.com/uzbekistan-2030-advancing-human-rights-religious-freedom-and-democratic-values/) AQSHning “The Diplomatic Watch” nashrida chop etildi. Maqolada asosiy e’tibor keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan qamrovdor islohotlar samaralaridan Amerika jamoatchiligini xabardor etishga qaratilgan.
Bu haqda so‘z borganda, dastavval, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil sentyabrida BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun Nyu-York shahriga tashrif buyurganini ta’kidlash lozim. Davlatimiz rahbari AQSHga ana shu tarixiy tashrifi chog‘ida Bosh Assambleyaning umumsiyosiy munozaralarda so‘zga chiqib, BMTning eng dolzarb global muammolarni hal etish uchun asosiy platforma sifatidagi o‘rniga, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarga alohida to‘xtaldi.
O‘zbekiston yetakchisi xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik eng dolzarb masalalarni hal etish, tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, BMT Bosh kotibi A.Guterrish, Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon, Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn, Chexiya Respublikasi Prezidenti Petr Pavel, Albaniya Prezidenti Bayram Begay, shuningdek, XVF boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva, Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga va Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okondjo-Iveala bilan ham muzokaralar o‘tkazdi.
O‘zbekiston rahbarining AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi tashrifning markaziy voqeasi bo‘ldi. Davlat rahbarlari O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
O‘zbekiston Prezidenti AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni, AQSH Kongressidagi "O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus" raisi, kongressmen Trent Kelli hamda Missisipi shtati Milliy gvardiyasi qo‘mondoni, general-mayor Bobbi Jinni qabul qildi.
Muhokamalar asnosida O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish, shu jumladan parlamentlararo muloqotni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Parlamentlararo muloqot va almashinuvlar jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Muloqotlar chog‘ida e’tirof etilganidek, AQSH Kongressi Senati va Vakillar palatasi a’zolari O‘zbekistonga muntazam tashrif buyurmoqda. "O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus" faol ishlamoqda, uning tarkibi kengaymoqda. Kongressda har yili ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan O‘zbekiston kunlari o‘tkazib kelinmoqda.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi ham sermazmun bo‘ldi. O‘zbekiston yetakchisi AQSH ishbilarmonlari ishtirokida davra suhbati, shuningdek, qator yetakchi transmilliy kompaniyalar, korporatsiyalar, investitsiya fondlari va moliyaviy institutlar – "Traxys", "FLSmidth", "McKinsey", "Go Green Partners", Kolorado geologiya maktabi, "BlackRock", "Boeing Global", "Franklin Templeton", "Citigroup", "Air Products", "BNY", "Jefferies", "NASDAQ", "Oppenheimer", "Air Products" va boshqa ko‘plab kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuv va muzokaralar natijasida o‘rta muddatli loyihalar dasturi shakllantirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va AQSH Prezidentining maxsus vakili Serjio Gor huzurida muhim minerallar, fuqaro aviatsiyasi, kimyo sanoati, energetika va boshqa ustuvor sohalarda imzolangan ikki tomonlama savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarini almashish marosimi bo‘ldi.
Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi yakunida davlatimiz rahbari, an’anaga ko‘ra, AQSHda ishlayotgan va yashayotgan bir guruh vatandoshlarimiz, shuningdek, Amerikaning yetakchi universitetlarida tahsil olayotgan "El-yurt umidi" jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashdi.
Prezidentimiz BMT minbaridagi nutqi yakunida e’tirof etganidek, “Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdoridir. Biz xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, umumbashariy maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shishga doim tayyormiz”.
Shu nuqtayi nazardan, A.Saidovning AQSH matbuotida e’lon qilingan maqolasida bugungi kunda mamlakatimizda demokratiyaning zamonaviy va inson huquqlari mezonlariga javob beradigan barqaror siyosiy tizimi barpo etilgani hamda qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi organlar va barcha darajadagi sud hokimiyati faol ishlayotganiga urg‘u berilganini ta’kidlash lozim. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 19-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi.
Yangi O‘zbekistonda Konstitutsiyaga va mamlakat qonunlariga hurmat tuyg‘usi kuchaymoqda, “Inson sha’ni va qadr-qimmati yo‘lida” ustuvor prinsipi hayotda o‘z tasdig‘ini topmoqda. Mamlakatimiz tomonidan ratifikatsiya qilingan shartnomalarning bajarilishi bo‘yicha BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga 50 dan ortiq milliy ma’ruza o‘z vaqtida taqdim etilishi ta’minlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.10.2025
- Ko'rishlar: 128
- Chop etish