11-oktyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan Milliy markazning bir guruh xodimlari uchun ko‘hna va navqiron Samarqand shahriga madaniy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi “2025–2026-yillarda sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirish va turistik xizmatlar ko‘lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni doirasida amalga oshirildi.
Jamoa a’zolari erta tongda “Afrosiyob” tezyurar poyezdi bilan Samarqand shahriga yetib borgach, dastlab Vatanimiz me’moriy san’ati durdonasi bo‘lmish Registon maydonini tomosha qildilar. Bu yerda ziyoratchilar Mirzo Ulug‘bek, Tillakori va Sherdor madrasalarining tarixiy ahamiyati, ushbu tarixiy obidalarda keyingi davrda amalga oshirilgan ta’mirlash ishlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar.
Sayohatchilar kun davomida Samarqandning ko‘plab mashhur ziyoratgohlari va madaniy maskanlariga borishdi. Bibixonim masjidi va maqbarasi, Siyob bozori, Shohi Zinda me’moriy majmuasi, Hazrati Xizr masjidi hamda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasi shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, Milliy markaz jamoasi buyuk shoh, olim va munajjim Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi hamda muzeyini ham tomosha qildilar. Ulug‘ ajdodimizning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqidagi qiziqarli ma’lumotlar ziyoratchilarga g‘oyat manzur bo‘ldi.
Sayohat so‘ngida Amir Temur maqbarasi ziyorat qilindi. Buyuk Sohibqiron ajdodimizning so‘nggi manzilgohida jamoamiz a’zolari Amir Temur va Temuriylar sulolasi tarixiga doir yanada yangi ma’lumotlar bilan yaqindan tanishdilar.
Sayohat ishtirokchilari uchun ushbu kun yodda qolarli taassurotlarga boy bo‘ldi. Hamkasblarimiz safardan bemisl ijobiy ruh va o‘zaro birdamlik kayfiyati bilan qaytdilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.10.2025
- Ko'rishlar: 64
- Chop etish