15-oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni
Buyuk shaxsni buyuk ona tarbiyalaydi, deydi donishlarimiz. Buyuk onalarni tarbiyalash esa oila atalmish muqaddas dargohning muhitiga bevosita bog‘liqdir. Ona hurmat topgan oilada farzand ham oqil bo‘lib o‘sadi.
Dunyoning boshqa mamlakatlari qatori yurtimizda ham yana bir umumbashariy bayram – Xalqaro qishloq ayollari kuni nishonlanmoqda. Binobarin, BMT Bosh Assambleyasi 2007-yil 18-dekabrda qabul qilgan "Qishloq hududlarida ayollarning ahvolini yaxshilash to‘g‘risida"gi rezolyutsiyaga muvofiq, 15-oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni deb e’lon qilingan.
BMT mazkur sanada qishloq hududlarida istiqomat qiluvchi ayollarning muammolariga e’tibor qaratishga chaqiradi. Bu o‘rinda, albatta, qishloq ayollarining ta’lim olishi, mehnat qilishi, farovon turmush kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni zo‘ravonlik va tazyiqdan himoyalash, gender tenglikni ta’minlash masalalari nazarda tutilmoqda.
Ushbu xalqaro sananing ta’sis etilishi bejiz emas. Chunki bugungi kunda qishloq ayollari dunyo aholisining to‘rtdan bir qismini tashkil qiladi. Ular oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda, qishloqlarni barqaror rivojlantirishda yetakchi o‘rin tutib kelmoqda. Bundan tashqari, ular bolalar, keksalar va kasallarga g‘amxo‘rlik qilishdek oliyjanob ishlarni ham bajarishadi.
Jahon qishloq xo‘jaligi tizimida qishloq ayollarining o‘rni beqiyosdir, ular qishloqda ishchi kuchining muhim qismini tashkil etadi va ular qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish, oziq-ovqat va uning xavfsizligida muhim o‘rin tutadi. Shu ma’noda, Xalqaro qishloq ayollari kunining asosiy maqsadi qishloq ayollarining qimmatli mehnatini e’tirof etish va ularning mavjud muammolariga jahon hamjamiyatini e’tiborini qaratishdir.
Shuni ham ta’kidlash joizki, ayni sanani nishonlash tashabbusi ilk bor BMTning 1995-yilda Pekinda o‘tkazilgan 4-Ayollar anjumanida ilgari surilgan. Har yili Xalqaro ayollar kuni bilan bog‘liq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlari davomida qishloq xo‘jaligining rivojlanib borishi, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloqlarning obodligi va farovonligini oshirishda ayollarning qo‘shayotgan hissasi va o‘rniga alohida e’tibor qaratiladi.
Ushbu xalqaro sana doirasida mamlakatimiz qishloqlarida istiqomat qiluvchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar hamda madaniy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bunday tadbirlarda qishloqlarda istiqomat qiluvchi xotin-qizlar hayotidan hikoya qiluvchi filmlar namoyish qilinib, kuy-qo‘shiqlar ijro etilmoqda.
Shuningdek, mahalla va xotin-qizlar faollari “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan opa-singillarimizning xonadonlarida bo‘lib, ularning yashash sharoitini o‘rganmoqda. Ehtiyojmand oilalar va xotin-qizlarga moddiy-ma’naviy ko‘mak berilmoqda.
Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev butun dunyo mamlakatlari uchun dolzarb bo‘lgan tashabbuslarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan muntazam ilgari surib kelmoqda. Milliy, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega ushbu tashabbuslar nafaqat yurtimiz, balki jahon jamoatchiligi tomonidan ham alohida e’tirof etilmoqda.
Davlatimiz rahbarining gender tenglik va xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash masalasiga alohida yuksak e’tibori ham shunday muhim tashabbuslar sirasiga kiradi. Mamlakatimizda keyingi yillarda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish borasida erishilgan yutuqlar dunyo ahli ibratu namuna olishiga munosibdir.
Ahamiyatli jihati shundaki, O‘zbekiston va BMTning bu boradagi maqsad-muddaolari mushtarak. Zero, gender tenglik, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasi BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlarining asosiy tamoyillaridan biridir. BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish ta’biri bilan aytganda, qayerdaki siyosiy va ijtimoiy hayotda xotin-qizlar faol ishtirok etayotgan bo‘lsa, o‘sha joyda iqtisodiyot o‘smoqda, barqarorlik mustahkamlanmoqda va fuqarolarning farovonligi yuksalmoqda.
Binobarin, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarga mos holda, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini yanada oshirish, izzat-ikromini joyiga qo‘yish borasida dadil odimlar qo‘yildi. Zotan, ayolni e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish sharqona xislat, xalqimizga xos xususiyatdir.
Muhimi, bu boradagi samarador ishlar izchil davom ettirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturining 25-maqsadida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlashga doir muhim chora-tadbirlar belgilangani ayni fikrimizning yaqqol tasdig‘idir.
Avvalo, “Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasi ishlab chiqilgani katta e’tiborga loyiq. Nega deganda, insonga odamiylik, yaxshi xulq, ta’lim-tarbiya va umuman, ijobiy xislatlarni o‘rgatuvchi maktab oila hisoblanadi. Xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” degan maqol bor. Demak, tarbiya oiladan boshlanadi va birinchi tarbiyachi ota-onadir.
Davlat dasturi doirasida, shuningdek, xotin-qizlarni mehnat bozorida raqobatbardosh kasb-hunar turlariga o‘qitish orqali bandligini ta’minlashga ko‘maklashish hamda ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Biznesini kengaytirish istagidagi xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini rag‘batlantirish choralari ko‘rilmoqda. Xotin-qizlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, innovatsiyalar borasidagi qiziqishlarini oshirish, ularni “Bir million dasturchi” loyihasiga jalb etish uchun imkoniyatlar yaratilmoqda.
Mamlakatimizda Xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur izchillik bilan bajarilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Milliy dasturni 2024–2025-yillarda amalga oshirishga qaratilgan Kompleks chora-tadbirlar dasturining 18-bandida Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya asosida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari ijrosini o‘rganish vazifasi belgilangan.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida tuzilgan mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan yaqinda tanlov asosida belgilangan turli hududlar va mahallalarda, xususan, Navoiy, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida monitoring tadbirlari amalga oshirildi. Bunday monitoring tadbirlaridan maqsad yurtimiz hududlarida xotin-qizlarga berilgan keng huquq va imtiyozlardan foydalanish holatini yaxshilash, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, ayollarning ijtimoiy, mehnat va sog‘liqni saqlashga oid huquqlarini erkin ro‘yobga chiqarish, shuningdek, ularni har qanday kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ymaslikdan iboratdir.
Hozirgi vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi, Senat a’zolarining 27 foizi, mahalliy Kengashlar deputatlarining 32,6 foizi ayollardan iborat. Bu bilan Milliy parlamentlar bo‘yicha xalqaro reytingda O‘zbekiston parlamentdagi xotin-qizlar salmog‘i bo‘yicha jahonning 193 davlati orasida 34-o‘ringa ko‘tarildi.
O‘zbekiston xotin-qizlarining davlat boshqaruvidagi ulushi 35, tadbirkorlik sohasida 45, siyosiy partiyalar tarkibida esa 49 foizga yetdi. Yuz minglab ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan qizlar soni 6 barobar ko‘payib, ta’lim olayotgan talabalarning yarmidan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etmoqda.
Yurtimizning oqila, orasta, ishbilarmon va tadbirkor ayollari o‘z bilim va tajribasi, malakasi hamda mahorati bois fermerlik harakati, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohalarida ham yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. Ayniqsa, hayotimizda borgan sari muhim ahamiyat kasb etayotgan yangi soha va tarmoqlar taraqqiyotini, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy sohalar, ilm-fan, tibbiyot, ta’lim va tarbiya, madaniyat va san’at kabi ilg‘or jabhalarni ayollarning ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Bularning barchasi, shubhasiz, O‘zbekistonda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish va ularning davlat funksiyalarini tartibga solishga qo‘shgan hissasini oshirish bo‘yicha faol ishlar o‘z samaralarini berayotganidan dalolatdir.
Aslida, bunday izchil va uzviy siyosat zamirida xalqimizning barcha orzu-havaslari, hayotining mazmuni bo‘lgan barkamol farzandlarimizni bag‘rida ardoqlab, ezgu fazilatlar ruhida kamolga yetkazadigan ayol zotini ulug‘lash, sog‘lom va ahil oilani e’zozlashdek ezgu maqsad o‘z mujassamini topgan.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 14.10.2025
- Ko'rishlar: 165
- Chop etish