15-oktyabrda "Farg‘ona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot yo‘lida birdamlik" mavzusida Farg‘ona tinchlik forumining birinchi yig‘ilishi o‘z ishini boshladi. Ikki kun davomida Farg‘ona xalqaro muloqot va hamkorlik markaziga aylanadi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan Progressiv islohotlar markazi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT), Suv resurslarini boshqarish xalqaro instituti hamda tinchlik va ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlash masalalariga ixtisoslashgan nufuzli xalqaro tuzilmalarni birlashtiruvchi platforma – Tinchlikni barpo etish xabi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbir, shuningdek, Qirg‘iziston Prezidenti huzuridagi Strategik tashabbuslar milliy instituti, Tojikiston Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi, Tojikiston Milliy fanlar akademiyasining Osiyo va Yevropa mamlakatlari muammolarini o‘rganish instituti bilan hamkorlikda BMT va Yevropa Ittifoqi ko‘magida o‘tkazilmoqda.
"Dunyo" AA muxbiri xabar berishicha, anjumanda Markaziy Osiyo, MDH, Osiyo, Yevropa va Amerika mamlakatlaridan 300 dan ortiq ishtirokchi qatnashyapti. Faxriy mehmonlar qatorida BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays, YEXHT Nizolarning oldini olish markazi direktori Keyt Firon, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) bosh kotibi Qayrat Saribay, Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) bosh kotibi o‘rinbosari Xan Soxayl, BMTning Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondagi doimiy koordinatorlari bor.
Farg‘ona tinchlik forumining asosiy o‘ziga xos jihati, ya’ni inklyuziv xarakterini namoyon etgan holda, tadbirda fuqarolik jamiyati institutlari, yoshlar va ayollar tashkilotlari, ekspert hamda akademik doiralar vakillari jam bo‘lgan. Shuningdek, tinchlik o‘rnatish sohasidagi yetakchi xalqaro tashkilotlar, jumladan, Germaniyaning Bergxof jamg‘armasi, Martti Axtisaari nomidagi Finlyandiya tinchlik jamg‘armasi, Shveysariyaning PeaceNexus jamg‘armasi, Stokgolm tinchlik muammolarini o‘rganish xalqaro instituti (Shvetsiya) namoyandalari qatnashmoqda.
Forumda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi Akmal Saidov ham ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida so‘zlagan nutqida ta’kidlaganidek, "Markaziy Osiyoda yopiq chegaralar, hal etilmagan nizolar, mojarolar davri o‘tmishda qoldi. Keyingi yillarda mintaqamizda o‘zaro tovar ayirboshlash, sarmoya va transport hajmi 5 barobar oshdi. Mamlakatimizda qo‘shma investitsiya fondlari, chegara savdosi va sanoat kooperatsiyasi, yirik loyihalar amalga oshirilmoqda", deb ta’kidlagani bejiz emas. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, "bugungi kunda Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi. O‘zining jipsligi, barqarorligi va o‘sib borayotgan mintaqaviy o‘ziga xosligi bilan xalqaro munosabatlar tizimida mustaqil subyekt sifatida tobora mustahkam o‘rin egallamoqda".
Forumning asosiy maqsadi muloqot, o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash va Farg‘ona vodiysini rivojlantirishning umumiy strategiyasini ishlab chiqish uchun doimiy faoliyat yurituvchi platformani yaratishdan iborat. Tadbir kun tartibidan Farg‘ona vodiysining barqarorligi va izchil rivojlanishini ta’minlash, uning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, xususiy sektor, yoshlar va fuqarolik jamiyatining rolini kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
SMTI direktori Eldor Aripov mazkur Forumning mazmun-mohiyati haqida fikr bildirar ekan, "Farg‘ona vodiysida tinchlik O‘zbekiston, Qirg‘iziston hamda Tojikiston yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi, shuningdek, mavjud tafovutlarni o‘zaro hamkorlik va kuch manbaiga aylantira olgan mahalliy hamjamiyatlarning fidokorona sa’y-harakatlari natijasida ta’minlandi", deb qayd etdi. O‘zbek ekspertining fikricha, "Farg‘ona forumi Farg‘ona vodiysini tinchlik, totuvlik va keng imkoniyatlar makoni sifatida yangi qiyofada namoyon etishga qaratilgan bo‘lib, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi hamda xalqlar o‘rtasidagi birdamlik mintaqaning barqarorligi va farovonligini ta’minlashga qodir ekanini ko‘rsatadi".
Farg‘ona tinchlik forumi shafeligida qirg‘izistonlik hamkorlar va Tinchlikni barpo etish xabi ko‘magida ilk bor "Intimak kuni" (Birdamlik kuni) tashkil etiladi.
Forumdan kutilayotgan natijalar qatorida Farg‘ona vodiysini do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va barqaror rivojlanishning yagona makoni sifatida shakllantirishga da’vat etuvchi Kommyunike qabul qilinishi ham nazarda tutilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.10.2025
- Ko'rishlar: 134
- Chop etish