Milliy tanlovni tashkil etish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi

14-oktyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovini samarali tashkil etish yuzasidan ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi bo‘ldi. Unda milliy tanlov bo‘yicha mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda tanlovni yuqori darajada o‘tkazishga oid bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Tashkilotlar tomonidan tanlov g‘oliblari va sovrindorlariga taqdim etiladigan sovg‘a va rag‘batlantirishlar bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Tanlovni o‘tkazish bo‘yicha vazifalar taqsimoti amalga oshirildi. Shuningdek, tadbir o‘tkaziladigan joy, tashkiliy va texnik masalalar yuzasidan kelishuvga erishildi.

Yig‘ilish yakunida tanlov bo‘yicha hujjat topshirishning oxirgi muddati 1-noyabr etib belgilanganidan kelib chiqib, ushbu muddatni uzaytirish yuzasidan kelishib olindi. Tanlovda jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar va ta’lim muassasalari vakillarini faol ishtirok etishga undash va keng ishtirokni ta’minlash maqsadida hujjat topshirish muddatini 2025-yil 15-noyabrgacha uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Mutaxassislar fikricha, mazkur qaror tanlovga qiziqish bildirayotgan fuqarolarga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Inson huquqlari va erkinliklarini targ‘ib etuvchi ta’limiy va innovatsion tashabbuslarni yanada qo‘llab-quvvatlashga ham xizmat qiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech