“Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” rezolyutsiyasining 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar dasturi bo‘yicha milliy maslahatlashuv natijalari

2025-yil 24-oktyabr kuni Toshkent shahrida BMT Xavfsizlik Kengashining “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” to‘g‘risidagi 1325-sonli rezolyutsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan milliy maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) O‘zbekistondagi loyihalar muvofiqlashtiruvchisi hamkorligida tashkil etildi.

Maslahatlashuvda 2022–2025-yillarda amalga oshirilgan Milliy harakatlar rejasi doirasidagi yutuqlar tahlil qilindi, shuningdek, yangi davr uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi. Yangi hujjat ayollarning tinchlik jarayonlaridagi faol ishtirokini ta’minlash, ularning xavfsizligi va huquqlarini himoya qilish, hamda gender tenglikni chuqurlashtirishga qaratilgan.

Tadbirda jami 27 nafar ishtirokchi qatnashdi. Ishtirok etgan tashkilotlar qatorida: Davlat siyosati va boshqaruv akademiyasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Bojxona qo‘mitasi, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Soliq qo‘mitasi, Mahallalar uyushmasi, hamda “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti ishtirok etdilar.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Yoshlar, ayollar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova va YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori Antti Karttunen ochib berdilar.

Senat Yoshlar, ayollar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova ta’kidlashicha, “Yangi O‘zbekistonda 2030-yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha muhim qonun qabul qilindi. Keyingi bosqichda esa 1325-sonli rezolyutsiyani samarali ijro etish va ayollarning barcha sohalarda faol ishtirokini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.”

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova ham BMTning 1325-sonli rezolyutsiyasi mamlakatimizda gender siyosatini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “ushbu hujjat xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishini kafolatlaydi hamda ularning tinchlik va xavfsizlik jarayonlarida faol ishtirokini ta’minlashni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilaydi.”

YEXHTning O‘zbekistondagi Loyiha muvofiqlashtiruvchisi Antti Karttunen ta’kidladi, “O‘zbekiston ham mazkur jarayonga faol hissa qo‘shmoqda. OBSE faoliyati huquqni muhofaza qilish organlari, sud tizimi va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, bu ‘Ayollar, tinchlik va xavfsizlik’ kun tartibini ilgari surishga xizmat qiladi.”

Shuningdek, tadbirda xalqaro ekspertlar Malin Palm va Elizabet Duban ishtirok etdilar. Malin Palm o‘z ma’ruzasida “BMTning 1325-sonli rezolyutsiyasi bo‘yicha Milliy harakat dasturi nima uchun zarur, uning samarali xususiyatlari va Markaziy Osiyo mamlakatlarining tajribasi” haqida fikr bildirdi.

Elizabet Duban esa Niderlandiya, Shvetsiya va Norvegiya kabi davlatlar mazkur rezolyutsiyani amalga oshirish borasida yetakchi ekanini ta’kidlab, “ushbu mamlakatlar o‘z tajriba va yutuqlarini ishtirokchilar bilan baham ko‘rdi”, — dedi.

Tadbir doirasida interaktiv mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ishtirokchilar yo‘nalishlar bo‘yicha to‘rt guruhga bo‘linib, ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni oldini olish, ularning tinchlik jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish, aholining xabardorligini oshirish hamda kiberxavfsizlikni ta’minlashga oid takliflar ishlab chiqdilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech