Samarqandda gender tenglikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
4-noyabr kuni YUNESKOning 43-sessiyasi doirasida “Gender tenglikni ko‘p tomonlama hamkorlik orqali rivojlantirish” mavzusida maxsus tadbir (Side-event) o‘tkazildi. Tadbir Samarqanddagi Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — gender tenglik sohasida xalqaro va mintaqaviy darajada olib borilayotgan siyosat, strategiyalar va amaliy faoliyatni muvofiqlashtirish, YUNESKOning mandatiga kiruvchi sohalar — ta’lim, fan, madaniyat, kommunikatsiya va axborot texnologiyalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash borasidagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirishdan iborat. Tadbir, shuningdek, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar o‘rtasida ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratildi.
Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublika Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova ham ishtirok etdi va gender tenglik, inson huquqlarini ta’minlash hamda ushbu huquqlarni amalga oshirish jarayonida milliy va xalqaro mexanizmlarni uyg‘unlashtirish masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Milliy markaz vakili, shuningdek, O‘zbekistonda xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan davlat dasturlari, qonunchilik asoslari va amaliy tajribalar haqida to‘xtaldi.
Tadbirda YUNESKO vakillari, hukumat a’zolari, xalqaro ekspertlar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ilmiy muassasalar vakillari ishtirok etdi. Global miqyosda gender tenglikni ta’minlash yo‘lida yuzaga kelayotgan yangi chaqiriqlar va ularni bartaraf etish strategiyalari yuzasidan fikr almashildi.
Maxsus tadbir davomida ta’lim, fan, madaniyat va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalarida gender tenglikni ilgari surish bo‘yicha innovatsion loyihalar va ilg‘or tashabbuslar taqdim etildi. Ishtirokchilar tomonidan ayollar va erkaklarning ilmiy tadqiqotlarda, innovatsion faoliyatda va boshqaruv sohalarida teng ishtirokini ta’minlashning dolzarbligi, shuningdek, gender masalalariga oid statistik ma’lumotlarni tizimli yig‘ish va tahlil qilish zarurati ta’kidlandi.
Tadbir yakunida gender tenglikni rivojlantirishda ko‘p tomonlama hamkorlikning o‘rni, xalqaro institutlar va milliy tuzilmalar o‘rtasida o‘zaro aloqalarni yanada chuqurlashtirish zarurligi alohida qayd etildi. Shuningdek, YUNESKOning global siyosiy kun tartibida gender tenglik masalalarini ilgari surishda O‘zbekistonning faol ishtiroki va ilg‘or tajribasi yuqori baholandi.
Ishtirokchilar e’tirof etganlaridek, mazkur tadbir nafaqat gender tenglikni ta’minlashga oid global sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash, balki bu borada mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun ham muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский