“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi: o‘quv qo‘llanma” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
2025-yil 6-noyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining “Inson huquqlari uyi”da akademik A. X. Saidov va yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) K. A. Xudjamovaning “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi: o‘quv qo‘llanma” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33-yilligiga bag‘ishlangan ushbu ma’rifiy anjuman Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Guliston davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi vakillari, Toshkent shahar va Toshkent viloyatidagi yuridik texnikum va Ichki ishlar vazirligi huzuridagi akademik litsey talabalari, shuningdek, pedagoglar, doktorantlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir viloyatlar axborot-kutubxona markazlari vakillari uchun onlayn namoyish etildi.
Kitob taqdimotini Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillabayev ochib berdi.
Ushbu o‘quv qo‘llanmada kasb-hunar kollejlari, texnikum va akademik litseylar o‘quvchilari uchun yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganish bo‘yicha kerakli barcha o‘quv-metodik materiallar, jumladan ma’ruza matni, mavzu mazmunini yorituvchi chizmalar, o‘quvchilar bilimini mustahkamlashga qaratilgan savollar, test topshiriqlari, mustaqil o‘qish uchun tavsiya etilgan adabiyotlar ro‘yxati taqdim etilgan.
Kitob taqdimotida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va davlat boshqaruvi akademiyasi professori Ozod Husanov, Toshkent davlat yuridik universiteti professori Govherjan Yuldasheva, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi professori Alimjon Matchanov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari – yuridik fanlar doktori O‘tkir Ochilov hamda yuridik fanlar nomzodi Farhod Hayitboyev ushbu o‘quv qo‘llanma bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
O‘quv qo‘llanmada yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz mamlakatimiz strategik maqsadlarini ro‘yobga chiqarishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib berganligi va uni ishlab chiqishda o‘zbek davlatchiligi rivojlanishining boy tarixiy yo‘li, konstitutsiyaviy qurilishning zamonaviy g‘oyalari, xalqaro umume’tirof etilgan umuminsoniy tamoyillar hamda jahondagi ilg‘or konstitutsiyaviy tajriba hisobga olinganligi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Anjuman yakunida BMT va Fridrix Ebert fondi hamda Milliy markaz hamkorligida chop etilgan yuridik adabiyotlar to‘plami Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga, viloyatlardagi axborot-kutubxona markazlariga 700 ga yaqin, shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti kutubxonalariga 200 tadan ortiq inson huquqlariga oid adabiyotlar taqdim etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский