Irqiy kamsitishga barham berish va millatlararo totuvlikni mustahkamlash

Joriy yilning 4-noyabr kuni Toshkent davlat yuridik universitetida “Irqiy kamsitishga barham berish va millatlararo totuvlikni mustahkamlash” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Ma’lumki, 2025-yilda xalqaro hamjamiyat tomonidan Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganligining 60 yilligi keng nishonlanmoqda.

Bunda konvensiyaning asosiy ahamiyatini ta’kidlash hamda bugungi kunda yuzaga kelayotgan kamsitishlarni oldini olish va unga qarshi kurashdagi muammolarni hal qilish uchun samarali va innovatsion amaliyotlar bo‘yicha keng qamrovli kampaniya olib borish muhim hisoblanadi.

Shu bilan birga, BMTning Irqiy kamsitishni tugatish qo‘mitasi ishtirokchi davlatlar, davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarni konvensiyaning 60 yillik sanasini nishonlash yuzasidan tadbirlar, nashrlar va boshqa tashabbuslar orqali hissa qo‘shishga chaqirmoqda.

Markaz tomonidan mazkur konvensiya qabul qilinganligining 60 yilligini O‘zbekiston Respublikasida keng nishonlash maqsadida Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganligining 60 yilligini nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi loyihasi ishlab chiqildi.

Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasida “BMTning Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasining 60 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi” doirasida tashkil etilgan anjumanda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasida Irqiy kamsitishning barcha shakllarini bartaraf etish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya qoidalarining amalga oshirilishi masalalari, yurtimiz va boshqa mamlakatlarda irqiy tenglik sohasidagi erishilgan yutuqlar, irqiy kamsitishga qarshi kurashning qisqacha tarixiy retrospektivlari, millatlararo totuvlikni mustahkamlashda ta’lim va madaniyatning o‘rni, O‘zbekistonda irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirishdagi muammolar va istiqbollar muhokama qilindi.

Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bosh mutaxassisi X.Xolmamatov “O‘zbekiston Respublikasida irqiy kamsitishning barcha shakllarini bartaraf etish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya qoidalarini amalga oshirilishi masalalari” mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi. Durban deklaratsiyasi va Harakatlar dasturining o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etilgani alohida qayd etildi. Ushbu deklaratsiya irqchilik, irqiy kamsitish, ksenofobiya va u bilan bog‘liq toqatsizlikka qarshi kurashda muhim o‘rin tutadi.

Shuningdek, ishtirokchilar mamlakatda inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ta’lim muassasalarida bag‘rikenglik mavzusidagi mashg‘ulotlarni kuchaytirish, ommaviy axborot vositalari orqali axborot kampaniyalarini tashkil etish va yoshlar o‘rtasida ko‘p madaniyatlilik g‘oyalarini keng targ‘ib qilish zarurligini ta’kidladi.

Anjumanda inson huquqlari himoyasini ta’minlash borasida mamlakatimiz tomonidan milliy va xalqaro darajada amalga oshirilayotgan ishlar haqida aholi xabardorligini oshirish maqsadida maqolalar tayyorlash va chop etishga kelishib olindi.

Powered by GSpeech