“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi: o‘quv qo‘llanma” kitobi taqdimoti o‘tkazildi
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining “Inson huquqlari uyi”da akademik A.Saidov va yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) K.Xo‘jamovaning “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi: o‘quv qo‘llanma” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligiga bag‘ishlangan ushbu ma’rifiy anjuman Guliston davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Milliy markaz direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev ushbu o‘quv qo‘llanmada kasb-hunar kollejlari, texnikum va akademik litseylar o‘quvchilari uchun yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganish bo‘yicha kerakli barcha o‘quv-metodik materiallar jamlanganini ta’kidladi.

Qo‘llanmadan ma’ruza matni, mavzu mazmunini yorituvchi chizmalar, o‘quvchilar bilimini mustahkamlashga qaratilgan savollar, test topshiriqlari, mustaqil o‘qish uchun tavsiya etilgan adabiyotlar ro‘yxati o‘rin olgan.
Davlat siyosati va davlat boshqaruv akademiyasi professori Ozod Husanov, TDYUU professori Gavharjon Yo‘ldosheva, IIV akademiyasi professori Olimjon Matchanov, Milliy markaz vakillari – yuridik fanlar doktori O‘tkir Ochilov hamda yuridik fanlar nomzodi Farhod Hayitboyev ushbu o‘quv qo‘llanma bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya mamlakatimiz strategik maqsadlarini ro‘yobga chiqarishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib bergani va uni ishlab chiqishda o‘zbek davlatchiligi rivojlanishining boy tarixiy yo‘li, konstitutsiyaviy qurilishning zamonaviy g‘oyalari, xalqaro umume’tirof etilgan umuminsoniy tamoyillar hamda jahondagi ilg‘or konstitutsiyaviy tajriba hisobga olingani qayd etildi.

Anjuman yakunida BMT va Fridrix Ebert jamg‘armasi hamda Milliy markaz hamkorligida chop etilgan yuridik adabiyotlar to‘plami Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga, viloyatlardagi axborot-kutubxona markazlariga 700 ga yaqin, shuningdek, FVV akademiyasi hamda Davlat va huquq instituti kutubxonalariga 200 dan ortiq inson huquqlariga oid adabiyotlar taqdim etildi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, FVV akademiyasi, Davlat va huquq instituti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari, Toshkent shahar va Toshkent viloyatidagi yuridik texnikum va IIV huzuridagi akademik litsey talabalari, shuningdek, pedagoglar, doktorantlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbir viloyatlar axborot-kutubxona markazlari vakillari uchun onlayn namoyish etildi.
N.Abduraimova, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский