“INSON HUQUQLARI JURNALISTIKASI” MAVZUSIDA HUQUQIY O‘QUV DARSI

2025-yil 19-noyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi muassisligidagi “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati tomonidan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida “Inson huquqlari jurnalistikasi” mavzusida huquqiy o‘quv darsi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi doirasida o‘tkazilgan ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbirda filologiya fanlari nomzodi, dotsent Latofat Toshmuhammedova hamda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari Azizbek Ramazonov ma’ruza qildi.

Ma’ruzada Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qabul qilinishi, mazmuni, inson huquqlariga doir xalqaro huquqiy normalarning yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonun hujjatlarida ifodalanishi, davlatimiz rahbarining qat’iy siyosiy iroda va izchil, tizimli sa’y-harakatlari bilan “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy-demokratik islohotlarning natijalari to‘g‘risida talabalarga batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, inson huquqlari va jurnalistika sohalarining o‘zaro aloqadorligi, inson huquqlari jurnalistikasiga xos xususiyatlar, inson huquqlari bo‘yicha jurnalistik material tayyorlash talablari va qoidalari, matn tahriri tamoyillari, muharrirlik kasbining mas’uliyati haqida ham ma’ruzachilar tomonidan qiziqarli mushohadalar bildirildi.

Inson huquqlari jurnalistikasi deganda inson huquqlari bilan bog‘liq munosabatlar va hodisalarni yorituvchi, jamiyatda inson huquqlari ta’minlanishiga erishish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish kabi maqsadlarga xizmat qiluvchi jurnalistika yo‘nalishi tushuniladi.

Inson huquqlari jurnalistikasi jurnalistika hamda inson huquqlari sohalarining o‘zaro aloqadorligi natijasida shakllangan bo‘lib, ushbu sohalarning vobastaligi quyidagilarda namoyon bo‘ladi:

birinchidan, jurnalist shaxs sifatida o‘zi ega bo‘lgan huquqlarni bilishi, shuningdek, jurnalistik faoliyatda jamiyat a’zolarining huquqlarini buzmasligi zarur;

ikkinchidan, jurnalistika sohasida inson huquqlariga amal qilish har bir jurnalistik materialning yuqori professional darajada tayyorlanishini ta’minlaydi, shuningdek, jurnalistning huquqiy himoyasini kafolatlashga xizmat qiladi;

uchinchidan, jurnalistika sohasi inson huquqlarini targ‘ib etish va shu orqali jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga hissa qo‘shadi;

to‘rtinchidan, jurnalistika sohasi inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirishga ta’sir ko‘rsatadi;

beshinchidan, jurnalistika jamiyatdagi inson huquqlariga oid muammolarni hamda huquqbuzarlik holatlarini yoritish orqali jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi hamda jamiyatda inson huquqlari ta’minlanishi va huquqbuzarlik holatlari bartaraf etilishiga hissa qo‘shadi.

Inson huquqlari jurnalistikasining professional faoliyat sifatida shakllanishi va rivojlanishi 1948-yil 10-dekabrda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinishi bilan bevosita bog‘liq. Deklaratsiyaning universal xarakterga ega ekani ushbu hujjat dunyoning deyarli barcha davlatlarida qabul qilinib, davlatlarning milliy qonunchiligiga tatbiq etilishiga sabab bo‘lgan. Natijada ommaviy axborot vositalarida inson huquqlari mavzusiga doir materiallar ko‘payib, ushbu yo‘nalishdagi materiallarni ilmiy asosda o‘rganish zarurati vujudga kelgan.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini yorituvchi jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlashga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilib,  inson huquqlari bo‘yicha professional jurnalistlarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, jurnalistik tekshiruvlarning huquqiy va tashkiliy asoslarini rivojlantirish, inson huquqlari sohasida axborot tarqatish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada kuchaytirish, jurnalistlar va blogerlarning axborot olish hamda tarqatishga bo‘lgan huquqlarining kafolatlarini mustahkamlash Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasida ustuvor yo‘nalishlar qatorida qayd etilgan.

Huquqiy o‘quv darsi yakunida ilmiy-adabiy kitoblar hamda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnallari to‘plami O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi kutubxonasiga sovg‘a qilindi.

 

Azizbek RAMAZONOV,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari”

jurnali bosh muharririning o‘rinbosari

Powered by GSpeech