O‘zbekistonda konstitutsiyaviy kafolatlar: mutanosiblik, tenglik va adolat prinsiplari

20-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida shu mavzuda respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-yilligiga bag‘ishlandi.

Konferensiyani Jamoat xavfsizligi universiteti boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist, professor Mirzayusuf Rustamboyev ochdi.

Ilmiy-amaliy konferensiyada davlat boshqaruvi organlari, sud-huquq tizimi vakillari, ilmiy tadqiqot muassasalari olimlari, yuridik oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, huquqshunos mutaxassislar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilar mamlakatimizda huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonlarida konstitutsiyaviy normalarning ahamiyatini chuqur tahlil qildilar. Ayniqsa, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan mutanosiblik, tenglik va adolat prinsiplari amaliyotda qanday qo‘llanilayotgani, fundamental huquq va erkinliklarning kafolatlanishi, qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi islohotlar samaralari atroflicha muhokama qilindi.

Konferensiyada bir qator asosiy masalalar ko‘rib chiqildi. Bu o‘rinda, xususan:

  • konstitutsiyaviy normalarning amaliy hayotga tatbiq etilishi va ularning huquqni qo‘llash jarayoniga ta’siri;

  • tenglik va diskriminatsiyaga yo‘l qo‘ymaslik mexanizmlarini takomillashtirish;

  • jinoiy, ma’muriy va fuqarolik qonunchiligida mutanosiblik tamoyilining qo‘llanilish tajribasi;

  • adolatli va oshkora sud tizimini shakllantirishda konstitutsyaviy kafolatlarning o‘rni;

  • inson huquqlarini himoya qilishda davlat organlarining mas’uliyati va fuqarolik jamiyatining ishtiroki mavzularida keng fikr almashilgani haqida so‘z bormoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalalari qo‘mitasi a’zosi, dotsent  Zafar Xudoyberdiyev “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya: inson huquqlari himoyasini ta’minlashning kafolati sifatida”; O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi, dotsent Muhtabar Husanova “Yangi O‘zbekiston  Konstitutsiyasi zamonaviy qonun ijodkorligini tashkil etishning huquqiy asosi”; Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i, dotsent O‘tkir Ochilov “Konstitutsiya va inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar bajarilishining milliy mexanizmi”; Jamoat xavfsizligi universiteti professori Davron Ahmedov “O‘zbekiston Konstitutsiyasida inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashda adolat me’yorlarining zamonaviy talqini”; Toshkent davlat yuridik universiteti professori Azizjon Yo‘ldoshev “Demokratik islohotlar sharoitida xalq deputatlari Kengashlari faoliyatini tashkil etish istiqbollari” mavzularida ma’ruza qildilar.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan O‘zbekistonda huquqiy davlat barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar davomiyligini ta’minlash, konstitutsiyaviy prinsiplarga asoslangan boshqaruvni yanada takomillashtirish muhimligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlar natijalari va amaliy takliflarni davlat dasturlariga tatbiq etish bo‘yicha tavsiyalar qabul qilindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech