O‘zbekiston Prezidenti Konstitutsiyamizning 33-yilligini nishonlash yuzasidan farmoyish chiqardi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2025-yil 21-noyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishini imzoladi.

Bundan maqsad, rasmiy hujjat muqaddimasida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi o‘ttiz uch yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash, fuqarolarni unda belgilangan ezgu qadriyatlar atrofida birlashtirish, “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy hamda boshqa tadbirlarni samarali tashkil etishdir.

Farmoyishga muvofiq, birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi, ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi.

Tashkiliy qo‘mitaga, jumladan:

  • Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali bajarilishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda ko‘tarinki ruhda nishonlanishini;

  • barcha hududlarda aholining keng qatlamlari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar, ochiq muloqot va suhbatlar, badiiy kechalar, festivallar, sayillar, madaniyat va sport tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida atoqli ilm-fan namoyandalari, madaniyat va san’at arboblari, keksa va yosh avlod vakillari, taniqli sportchilarni jalb etgan holda bayram tadbirlari amalga oshirilishini ta’minlash vazifalari yuklandi.

Joylarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramini yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik ruhiga hamohang tarzda nishonlash maqsadida:

a) yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan xalq hokimiyatchiligi, inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi ezgu g‘oyalarning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda o‘z aksini topayotganini ko‘rsatib berish;

b) yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashdagi o‘rni va rolini yoritish;

v) “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyatini, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga o‘tilganligini ochib berish;

g) yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning tadbirkorlik va xususiy mulkning ishonchli himoyasini ta’minlashsog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport sohalarini rivojlantirish bo‘yicha yangidan yangi yutuqlar va natijalarga erishish uchun mustahkam zamin yaratib berganini keng jamoatchilikka tushuntirish;

d) nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, oila, onalik, bolalik va otalikni himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini keng targ‘ib qilish;

j) Konstitutsiya bayrami arafasida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarida barcha o‘quvchi va talabalarni qamrab olgan holda Konstitutsiya darslarini, shu jumladan, atoqli huquqshunoslar, olimlar, sud, adliya va boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari rahbar va xodimlari ishtirokida o‘tkazish masalalarga alohida e’tibor qaratish zarurligi belgilandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech