Barqaror taraqqiyotga erishish istiqbollari – huquqshunos olimlar muhokamasida

20-noyabr kuni Moskva shahrida "Sivilizatsiyaning barqaror taraqqiyoti yo‘lida: hamkorlik, ilm-fan, ta’lim, texnologiyalar. MDH mamlakatlarining BRMning 17 ta maqsadiga erishish yo‘li: kompleks yondashuv" mavzusida IV Xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. An’anaviy ilmiy anjuman Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti tomonidan o‘tkazildi.

Konferensiyada xalqaro tashkilotlar, davlat organlari vakillari va ilmiy hamjamiyat namoyandalari – jami 200 dan ortiq mutaxassis ishtirok etdi.

Ilmiy-nazariy munozaralarda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari o‘zida jamlagan 17 ta maqsadga erishish borasidagi amaliy ishlar muhokama qilindi. MDH mamlakatlarining bu boradagi keng qamrovli ilmiy, ta’lim va ijtimoiy loyihalari taqdim etildi.

Xalqaro ilmiy anjumanning "Istiqboldagi huquqiy institutlar: raqamlashtirish, ta’lim va MDH doirasidagi xalqaro hamkorlik" nomli sessiyasida Barqaror rivojlanishning 16 va 17-maqsadlari ko‘rib chiqildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi Akmal Saidov "BRM – inson huquq va erkinliklarini ta’minlashning asosi: O‘zbekiston tajribasi" mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruza xalqaro konferensiya ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Xalqaro ilmiy konferensiya doirasida akademik A. Saidovning Patris Lumumba nomidagi Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti Yuridik instituti direktori, professor Aslan Abashidze bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muloqot asnosida o‘zaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Konferensiya ishida, shuningdek, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari ham ishtirok etdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech