Milliy markaz vakillari Qashqadaryoda aholi murojaatlarini tingladi

Joriy haftada Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi mas’ul xodimlari Qashqadaryo viloyati Kitob va Yakkabog‘ tumanlarida aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Ushbu jonli muloqotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 10-dekabrdagi  qarori bilan tasdiqlangan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi to‘g‘risida”gi Nizom talablari va Milliy markazning ish rejasi doirasida tashkil etildi.

Uchrashuvlar, xususan, Kitob tumani hokimligi, tuman adliya bo‘limi va “Obod”, “Nurafshon”, “Mustaqillik” MFYda, shuningdek, Yakkabog‘ tumani adliya bo‘limi binosida, “Farovonlik”, “Xo‘jailg‘or” MFYda bo‘lib o‘tdi. Muloqotlarda mahalliy davlat hokimiyati, adliya bo‘limi, mahalla fuqarolar yig‘ini va boshqa tashkilotlarning mas’ul xodimlari hamda 70 nafardan ortiq fuqaro qatnashdi.

Uchrashuvlarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikning mohiyati hamda ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Ushbu qonun hujjatlari ijrosini ta’minlashga va nazorat qilishga mas’ul idoralar, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyati bo‘yicha tushunchalar berildi.

Shundan so‘ng, fuqarolar bilan sayyor qabul tashkil etildi. Sayyor qabul jarayonida bir guruh fuqarolarning turli masalalar yuzasidan murojaatlari tinglandi va ularga huquqiy maslahatlar berildi.

 

Otabek Norboyev,

Milliy markazning Jismoniy va yuridik shaxslarning

murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i

Powered by GSpeech