Pokiston OAV: Yangi O'zbekiston "davlat – xalq uchun" tamoyiliga qat'iy amal qilib, global o'zgarishlarning ajralmas qismiga aylanib bormoqda
ISLOMOBOD, 25-noyabr. /"Dunyo" AA/. Pokistonning "Election Times" va "News Network Pakistan" elektron ommaviy axborot vositalarida O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidovning "Yangi O'zbekiston: inson qadri ustuvor, ijtimoiy adolat ta'minlangan jamiyat sari" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi, xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda O'zbekiston Prezidentining 2025-yil 4-6-noyabr kunlari Dohada bo'lib o'tgan Ijtimoiy rivojlanish bo'yicha ikkinchi Butunjahon sammitidagi ma'ruzasida ilgari surilgan muhim tashabbuslar chuqur tahlil qilingan. Muallif ta'kidiga ko'ra, tobora ortib borayotgan tengsizlik, demografik o'zgarishlar, jadal texnologik va ekologik yangilanishlar sharoitida Butunjahon sammiti global muloqot va hamkorlikdagi harakatlar uchun g'oyat muhim maydon yaratdi.
"O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ijtimoiy rivojlanish bo'yicha ikkinchi Butunjahon Doha sammitida so'zga chiqib, global ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga qaratilgan bir qator taklif va tashabbuslarni taqdim etdi, – deb yozilgan maqolada. – O'zbekiston rahbarining nutqida ta'kidlanganidek, "Bugungi kunda ijtimoiy farovonlikni ta'minlash, aholi turmushini yaxshilash borasida dunyo hamjamiyati va milliy hukumatlar birgalikda harakat qilayotgani e'tiborga molikdir. O'zbekiston barqaror taraqqiyot sari barcha xalqaro hamkorlik formatlari va tashabbuslarini doim qo'llab-quvvatlaydi".
Nashrda, shuningdek, Yangi O'zbekistonda "Inson qadr-qimmati – oliy qadriyat" degan ustuvor tamoyil qaror topayotgan, ijtimoiy adolat, ehtiyojmand aholi qatlamlarini samarali himoya qilish ta'minlanayotgan jamiyat barpo etilayotgani alohida urg'ulangan.
Dunyoda murakkab ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar yuz berayotgan va o'zaro ishonchsizlik ortib borayotgan sharoitda O'zbekiston Prezidenti global ijtimoiy siyosatni mustahkamlashga qaratilgan bir qator yangi tashabbus va takliflarni ilgari surdi.
Global ijtimoiy adolat fondini ta'sis etish, Ijtimoiy mas'uliyat va munosib mehnat bo'yicha global tashabbusni ishlab chiqish, O'zbekistonda ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash bo'yicha Global alyans sammitini o'tkazish va ta'lim masalasini kun tartibidagi asosiy masala sifatida belgilash, O'zbekistonda Migrantlar va ularning oilalarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish bo'yicha xalqaro forum o'tkazish va Global dastur qabul qilish, BMT rezolyutsiyasi bilan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e'lon qilingan Orolbo'yi mintaqasida Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yangi modelini ishga tushirish kabi tashabbuslar shular jumlasidandir.
"O'zbekiston Prezidenti yana bir bor "Xalqaro taraqqiyot yo'lida ijtimoiy kelishuvni yangilash, har bir inson uchun munosib hayot tarzini yaratish" zarurligini ta'kidladi. O'zbekiston sammitda qabul qilingan Doha siyosiy deklaratsiyasini to'liq qo'llab-quvvatladi va uni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi", – deyiladi manbada.
Akademik Akmal Saidov yozganidek, Yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 1-moddasida ijtimoiy davlat prinsipi mustahkamlandi. Xususan, Asosiy qonunning 43-moddasida davlat fuqarolarning bandligini ta'minlashi, ularni ishsizlikdan himoya qilishi, kambag'allikni qisqartirish choralarini ko'rishi, fuqarolarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etishi hamda rag'batlantirishi belgilab qo'yilgan.
Ta'kidlash joizki, kambag'allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya bo'yicha asosiy vazifalar hamda chora-tadbirlar O'zbekiston qonunchilik va davlat strategiyalarida mustahkam o'z aksini topgan. Jumladan, "Kambag'allikdan farovonlikka umummilliy dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ushbu faoliyatni yuritish maqsadida, ilgari 6 ta davlat tashkilotiga yuklatilgan vakolatlarni birlashtirish asosida Ijtimoiy himoya milliy agentligi va "Inson" ijtimoiy xizmat ko'rsatish markazlari tashkil etildi.
"Muhimi, "O'zbekiston – 2030" strategiyasiga muvofiq, 2026-yilga kelib kambag'allik darajasini 2022-yilga nisbatan ikki baravarga kamaytirish, 2030-yilga borib esa kambag'allikka tushish xavfi ostida bo'lgan 4,5 million kishining daromadini oshirish va ijtimoiy sheriklik asosida 500 ming nafar malakali mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan. Dunyoga tobora ochilayotgan, jadal ijtimoiy islohotlar yo'lidan borayotgan Yangi O'zbekiston "davlat – xalq uchun" tamoyiliga qat'iy amal qilib, global o'zgarishlarning ajralmas qismiga aylanib bormoqda", – deb yozadi Pokiston OAV.
Ўзбекча
English
Русский