O‘zbek huquqshunoslik maktabi namoyandasi xotirlandi

25-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida taniqli huquqshunos olim, pedagog va jamoat arbobi Abdulhay Mo‘minov xotirasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu tadbirda marhum olimning ilmiy merosi va milliy huquq ta’limiga qo‘shgan munosib hissasi haqida so‘z yuritilib, insoniy fazilatlari yod etildi.

Davra suhbatiga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Odil Yusupjonov moderatorlik qildi.

Muloqot avvalida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidovning ishtirokchilarga yo‘llagan videomurojaati namoyish etildi.

Tadbirda olimning oila a’zolari, yaqin do‘stlari, hamkasblari, ustozlari hamda huquq sohasi vakillari ishtirok etdi. Toshkent davlat yuridik universiteti professori Haydarali Yunusov,  Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari professor Mirzatillo Tillaboyev,  professorlar Boboqul Toshev, Gavhar Yuldasheva va boshqalar Abdulhay Mo‘minov bilan bog‘liq xotiralarini esga olib, olimning ilm-fanga qo‘shgan katta hissasi haqida atroflicha to‘xtaldilar.

 So‘zga chiqqanlar e’tirof etganlaridek, Abdulhay Mo‘minov – O‘zbekiston huquqshunoslik maktabining yetuk vakili, xalqaro huquq fanining institutsional rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan olimlardan sanaladi. U inson huquqlari sohasida ta’lim standartlarini yaratish, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida katta tajribaga ega edi.

  

   

A. Mo‘minov 1997–2018-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida YUNESKOning “Xalqaro huquq va inson huquqlari” kafedrasi o‘qituvchisi, katta o‘qituvchisi, dotsenti va kafedra mudiri, 2018–2020-yillarda esa Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Xalqaro shartnomalar implementatsiyasi” bo‘limi rahbari lavozimlarida ishlagan. Uning rahbarligida kafedra xalqaro standartlarga mos ilmiy-tadqiqot markaziga aylanib, o‘quv dasturlari yangilangan, yosh olimlar tayyorlash maktabi shakllangan. Yanada muhimi, YUNESKO, BMT, Yevropa Ittifoqi kabi xalqaro tuzilmalar bilan samarali hamkorlik joriy qilingan.

A. Mo‘minov Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va Xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham dars bergan. Uning muallifligidagi “Xalqaro huquq”, “Inson huquqlari”, “Xalqaro tashkilotlar huquqi”, “Xalqaro shartnomalar huquqi” kabi darsliklar  hozirgacha asosiy ilmiy-uslubiy manba sifatida qo‘llanmoqda.

Olimning tashabbusi asosida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan Oksford, Lund, Uppsala, Jorj Vashington universitetlari o‘rtasida hamkorlik dasturlari yo‘lga qo‘yilgan. Bu, o‘z navbatida, o‘nlab talaba va mutaxassislarning xalqaro amaliyot negizida malaka oshirishiga zamin yaratdi.

A. Mo‘minov 100 dan ortiq ilmiy asar muallifi hamdir. U 2020-yilda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Tadbir so‘ngida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti mas’ullariga amaliyotda foydalanish uchun 250dan ortiq inson huquqlariga oid adabiyotlar jamlanmasi taqdim etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech