Inson huquqlari va irqiy tenglik

27-noyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat va huquq instituti hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda ayni shu masalalarga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33-yilligi hamda Irqiy kamsitishga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaning 60-yilligini nishonlash doirasida tashkil etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktorining birinchi o‘rinbosari professor Mirzatilla Tillaboyev hamda Davlat va huquq instituti direktori, dotsent Murod Turg‘unov tadbir avvalida so‘zga chiqib, O‘zbekiston Prezidenti 2025-yil 21-noyabrda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishni imzolaganini ta’kidladilar.

Mazkur farmoyishda “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan shior mazmun-mohiyatini keng yoritish, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash borasida erishilayotgan natijalarni aholiga yetkazish muhim vazifa sifatida qayd etilgan.

Anjumanda irqiy tenglikni ta’minlash, bu boradagi xalqaro standartlarni amalga oshirish va milliy tajribani yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi. Jumladan:

  • O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi Kamoliddin Ishanxodjayev – “O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan irqiy tenglik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar” mavzusida;

  • Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita bo‘limi boshlig‘i, professor Saodat Davlatova – “O‘zbekistonning inson huquqlari va irqiy tenglik sohasidagi tajribasi” mavzusida;

  • Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i professor Djurabay Tashqulov – “Turkiyaning amaldagi Konstitutsiyasida inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari” mavzusida;

  • Toshkent davlat yuridik universiteti professori Muattara Rahimova – “O‘zbekistonda irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish: muammolar va istiqbollar” mavzusida ma’ruza qildi.

Tadbirda Milliy markaz bilan Davlat va huquq instituti doktorantlari, amaliyotchilari hamda mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbati qiziqarli savol-javoblarga boy bo‘ldi. Irqiy kamsitishga oid stereotiplar haqida ishtirokchilar bergan savollarga mutaxassislar batafsil javoblar qaytardi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech