Konstitutsiya qo‘llanmasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Guliston davlat universitetida akademik Akmal Saidov muallifligida chop etilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi: o‘quv qo‘llanma” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ustozlar, talaba-yoshlar hamda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz mutasaddilari qatnashdi.

Konstitutsiya mazmuni talabalar va pedagoglar uchun sodda va tushunarli tarzda yoritilgan bo‘lib, qo‘llanma amaliy darslik vazifasini bajaradi. Kitobda ilmiy va amaliy yondashuv uyg‘unlashtirilib, qonunchilik hayotiy misollar va tavsiyalar orqali sharhlangani bois, uning amaliyotdagi qo‘llanish imkoniyatlari kengaytirilgan.

Tadbirni universitetning yoshlar bilan ishlash va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Qozim Qudratov olib bordi. U nutqida Konstitutsiya qonunchiligining ahamiyati va uni keng jamoatchilikka yetkazishda bunday qo‘llanmalarning o‘rni katta ekanini ta’kidladi.

Taqdimotda universitet professori Ravshanbek Mahmudov, Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Farhod Hayitboyev, Inson huquqlari sohasidagi tahlil va tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i O‘tkirbek Ochilov, Axborot-resurs multimedia bo‘limi boshlig‘i Hamidulla Mo‘minov, direktor yordamchisi Ahror Turdibekov hamda universitet yoshlar yetakchisi Yorqinjon Hayitboyevlar o‘z fikrlarini bildirishdi. Spikerlar qo‘llanmaning amaliyotdagi ahamiyati va uning talabalar hamda pedagoglar uchun foydalanish imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tishdi.

Tadbirda ta’kidlanishicha, qo‘llanma Konstitutsiyaning yangi tahririni chuqur anglashga xizmat qiladi, huquqiy savodxonlikni oshirishda muhim manba hisoblanadi. Shuningdek, kitob ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ta’lim jarayonida foydalanish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Universitet Axborot-resurs markaziga 250 dona kitob taqdim etildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri

Powered by GSpeech