Voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligi yanada liberallashtirildi

2025 yil 24 oktyabrda kuchga kirgan “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirildi.

Toshkent shahar sudining sudyasi Hamid Shamshiyev bu boradagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

– O‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsni sudlanmagan deb hisoblashning alohida tartibini belgilash zaruriyati yuzaga kelgani uchun mazkur qonun qabul qilindi. 

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan o‘ta og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishini, voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikni cheklashning hamda ozodlikdan mahrum qilishning eng kam muddati olti oydan bir oygacha qisqartirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Jinoyat kodeksining 77, 841 va 85-moddalariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. 77-modda 6-qism bilan, ya’ni “O‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan hisoblanadi, bundan o‘ta og‘ir jinoyatlar yoki sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar qasddan yangi jinoyat sodir etish hollari mustasno”, deb to‘ldirildi.

841-modda “Ozodlikni cheklash voyaga yetmagan mahkumlarga nisbatan asosiy jazo chorasi sifatida bir oydan ikki yilgacha muddatga tayinlanadi”, deb belgilandi, ya’ni muqaddam jazo 6 oydan boshlangan bo‘lsa, endi 1 oydan boshlanadi. 

85-modda “Voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi bir oydan o‘n yilgacha muddatga tayinlanadi, ushbu kodeks 86-moddasining ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno”, deb belgilandi, ya’ni muqaddam jazo 6 oydan boshlangan bo‘lsa, endi 1 oydan boshlanadi.      

Qonunchilikdagi yangi normalar voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligini yanada liberallashtirdi. O‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsga hayotini sudlanganlik tamg‘asidan xoli tarzda davom ettirish uchun sharoit yaratdi.

Norgul Abduraimova,

O‘zA

Powered by GSpeech