CHINGIZ AYTMATOV XOTIRASIGA EHTIROM
2025-yil 12-dekabr kuni Toshkent shahrida qirg‘iz xalqining buyuk adibi, jahon adabiyotining yorqin namoyandalaridan biri Chingiz Aytmatov tavalludining 97-yilligiga bag‘ishlangan xotira tadbiri tashkil etildi. Unda Qirg‘iz Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Duyshonkul Chotonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, O‘zbekistondagi Qirg‘iz milliy madaniy markazi rahbari Rahmatilla Jabborov, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari, aytmatovshunos olimlar, yozuvchi, shoir va tarjimonlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida ishtirokchilar Toshkentdagi Chingiz Aytmatov monumenti poyiga gul qo‘yib, ulug‘ adib xotirasiga hurmat ko‘rsatishdi. Shundan so‘ng, olimlar, ijodkorlar va jamoatchilik faollari Chingiz Aytmatov hayoti hamda ijodi to‘g‘risida fikr-mulohaza bildirishdi.
O‘zbek kitobxonlarining eng sevimli yozuvchilaridan biri, deyarli barcha qissa va romanlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan adib Chingiz Aytmatov 1928-yilda Qirg‘izistonning Talas viloyati Shakar qishlog‘ida tavallud topgan. U 1953-yilda Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi institutini, 1958-yilda Moskvadagi Oliy adabiyot kursini tamomlagan. 1952-yilda matbuotda qirg‘iz tilida bitilgan ilk hikoyalari e’lon qilingan.
Yozuvchining “Jamila” (1958), “Sarvqomat dilbarim” (1961), “Birinchi muallim” (1962), “Alvido, Gulsari” (1966), “Oq kema” (1970), “Asrga tatigulik kun” (1980), “Qiyomat” (1986), “Kassandra tamg‘asi” (1996), “Tog‘lar qulaganda” (2006) kabi qissa va romanlari jahon adabiyotining durdona asarlari sifatida e’tirof etiladi.
Chingiz Aytmatov ijodiy faoliyat bilan bir qatorda davlat va jamoat arbobi, zukko diplomat sifatida ham shuhrat qozongan. U o‘n besh yil davomida Belgiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Fransiyada Qirg‘iziston elchisi, shuningdek, YUNESKO, Yevropa Ittifoqi va NATO vakili bo‘lib xizmat qilgan. Chingiz Aytmatov ko‘plab milliy, xalqaro hamda xorijiy davlatlar mukofotlari bilan taqdirlangan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik” (1995), “Buyuk xizmatlari uchun” (1998) ordenlari bilan mukofotlangan. Qirg‘iziston Respublikasida Chingiz Aytmatov nomidagi Xalqaro “Oltin medal” mukofoti ta’sis etilgan (1999).
O‘zbek xalqining sadoqatli do‘sti bo‘lgan buyuk adib Chingiz Aytmatov 2008-yil 10-iyunda vafot etgan va Bishkek shahri yaqinidagi “Ota-Beyit” tarixiy-memorial majmuasida dafn etilgan.
Adib tavalludining 97-yilligiga bag‘ishlangan xotira tadbiri Chingiz Aytmatov o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik timsoliga aylanganini yana bir bor namoyon etdi.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
Ўзбекча
English
Русский