Markaziy Osiyoda Gender Zo‘ravonligiga Barham Berish Yo‘lida Birlashuv: Alyansning Yillik Mintaqaviy Forumi bo’lib o’tdi
Tadbirni ochib bergan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Maxkamova o‘z nutqida gender zo‘ravonligiga qarshi kurashni butun Markaziy Osiyo uchun umumiy maqsad va umumiy javobgarlik ekanini ta’kidladi:
“Bugun biz umumiy maqsad — hayotimizdan zo‘ravonlikni butunlay bartaraf etish va har bir ayol hamda har bir bola o‘zini xavfsiz his qiladigan kelajakni barpo etish yo‘lida birlashganmiz. Gender zo‘ravonligi — bu umumiy muammo, umumiy javobgarlikdir.”
Zulayho Maxkamova o‘z chiqishida Markaziy Osiyoda shakllanayotgan Alyans platformasining ahamiyati yildan-yilga ortib borayotganini qayd etdi. Ushbu platforma mintaqa davlatlari o‘rtasida yaqin hamkorlik, tajriba almashinuvi, qonunchilik va institutsional mexanizmlarni uyg‘unlashtirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
“Markaziy Osiyoda hukumatlar va hamkorlar muhim qadamlar tashladi: yangi qonunlar qabul qilindi, xizmatlar mustahkamlandi, profilaktikaga investitsiyalar qilindi va ma’lumot to‘plash tizimlari yaxshilandi. Forum muammolarni hal etish bo‘yicha umumiy majburiyat va aniq dalillarga asoslangan ochiq muloqot uchun imkoniyat yaratadi. Genderga asoslangan zo‘ravonlikni barham toptirish kompleks va ko‘p sektorli yondashuvlarni talab qiladi, — dedi BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Dr. Sabina Mahl.
O‘zbekistonda gender tengligi va zo‘ravonlikdan himoya bo‘yicha tizimli islohotlar
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ayollar va qizlarning huquqlari, xavfsizligi hamda imkoniyatlarini kengaytirish borasida izchil davlat siyosati amalga oshirilmoqda. Jumladan:
- “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi 561-sonli Qonun;
- “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi 562-sonli Qonun;
- Himoya orderlari amaliyotining keng joriy etilishi;
- Mahallalarda xotin-qizlar muammolarini manzilli hal etishga qaratilgan tizimli yondashuvning shakllantirilishi.
Faktlar shuni ko‘rsatadiki, o‘tgan yil natijalariga ko‘ra minglab xotin-qizlar himoya orderlari bilan ta’minlandi, ularning huquqlari tiklandi, tegishli psixologik, tibbiy va yuridik yordamlar ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, “Zo’ravonlikka qarshi 16 kun” global kampaniyasi doirasida bu yil mamlakatimizda “Ayollar va qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik” shiori ostida keng ko‘lamli targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Raqamli zo‘ravonlik — mintaqa oldidagi yangi chaqiriq
Forum doirasidagi asosiy mavzulardan biri zamonaviy tahdid — raqamli zo‘ravonlik masalasidir. Onlayn makonda ayollar va qizlarga nisbatan kiberbullying, shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish, tahdid va tazyiq, soxta akkauntlar orqali sha’niga putur yetkazish kabi hodisalar kuzatilayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston bu borada quyidagi chora-tadbirlarni yo‘lga qo‘ymoqda:
- raqamli gigiеna va internet xavfsizligi bo‘yicha o‘quv dasturlari,
- oila va ta’lim muassasalarida profilaktik treninglar,
- ota-onalar va pedagoglar uchun metodik ko‘mak,
- “zo‘ravonlikka nisbatan mutlaqo murosasizlik” tamoyilini jamoatchilik ongida mustahkamlash.
Mintaqaviy hamkorlik — barqaror natijaning asosi
Markaziy Osiyo davlatlarining gender zo‘ravonligiga qarshi kurashish sohasidagi hamkorligi izchil mustahkamlanib bormoqda. Alyans doirasida:
- qo‘shma tashabbuslar ishlab chiqildi,
- faol tajriba almashinuvi amalga oshirildi,
- 2026-yil uchun ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Mamlakatlar o‘rtasidagi bunday uyg‘un yondashuv mintaqada xavfsiz, farovon va zo‘ravonlikdan xoli jamiyat barpo etish uchun muhim omildir.
Toshkentda o‘tgan Markaziy Osiyo Alyansining yillik forumi — bu mintaqa davlatlarining gender zo‘ravonligiga qarshi kurashda birdamlik, mas’uliyat va qat’iy iroda bilan oldinga intilayotganining yorqin dalilidir. Anean ushbu hamkorlik ayollar huquqlarini himoya qilish, ularning xavfsizligini ta’minlash va jamiyatda teng imkoniyatlar yaratish yo‘lida yangi bosqichlarni belgilab bermoqda.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi forum tashkilotchilari, xalqaro hamkorlar va barcha ishtirokchilarga minnatdorlik bildiradi hamda Markaziy Osiyoda zo‘ravonliksiz kelajakni yaratish yo‘lida doimiy hamkorlikka tayyor ekanini yana bir bor ta’kidlaydi.
Ўзбекча
English
Русский