Pekin+30: Gender tenglik va ayollar huquqlari hamda imkoniyatlarini kengaytirish

12-dekabr kuni Toshkent shahrida Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30-yilligi munosabati bilan ayni mavzuda Milliy forum o‘tkazildi. Tadbir Oliy Majlis Senati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi.

Forumda davlat idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbir gender tenglik, ayollar huquqlari va yangi davr chaqiriqlari yuzasidan milliy muloqot maydoniga aylandi.

Ochilish marosimida Senat Qo‘mitasi raisi O. Qozixonova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari U. Abdullayeva  va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori A. Saidov so‘zga chiqdi.

Akademik A. Saidov Forum ishtirokchilarini qutlar ekan, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatini alohida ta’kidladi. Mamlakatimizda gender siyosati sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaralariga to‘xtaldi.

Pekin deklaratsiyasi ayollar huquqlarini global darajada ilgari surgan muhim xalqaro hujjatlardan biri bo‘lib, bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. O‘zbekiston ushbu tamoyillarga sodiq bo‘lib, mamlakatda so‘nggi yillarda ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy ishtirokini kengaytirishga qaratilgan chuqur tizimli islohotlar amalga oshirildi. Bugungi kunda ayollarning davlat boshqaruvi, parlament va biznes sohalarida o‘sib borayotgan ulushi, raqamli iqtisodiyotda faol ishtiroki hamda ayollar tadbirkorligi uchun ko‘p imkoniyatlar yaratilgan.

Tadbirda, shuningdek, 1325-sonli “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” rezolyutsiyasining 25-yilligi munosabati bilan O‘zbekistonning mazkur yo‘nalishdagi majburiyatlari va amaliy yutuqlari haqida so‘z bordi. Mojarolarning oldini olish, tinchlikni ta’minlash va xavfsizlik tizimlarida ayollarning ishtirokini kuchaytirish, milliy harakatlar rejasi orqali davlat idoralari va fuqarolik jamiyati o‘rtasida samarali hamkorlik mexanizmlari shakllanayotgani qayd etildi.

Forum davomida Pekin+30 kun tartibining asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yalpi sessiyalar bo‘lib o‘tdi. Sessiyalarda qarorlar qabul qilishda ayollar ishtiroki, zo‘ravonlikning oldini olish, ayollarning iqtisodiy barqarorligi, raqamli transformatsiya jarayonida ayollarni qo‘llab-quvvatlash, tinchlik va xavfsizlik siyosatida gender yondashuvni kuchaytirish hamda iqlim adolatini ta’minlash mavzulari muhokama qilindi. Ishtirokchilar gender tenglikni ta’minlash yo‘lida mavjud muammolar, ularning yechimi va yangi tashabbuslar bo‘yicha fikr almashdilar.

Tadbirda ayollarning siyosat va davlat boshqaruvida faolligini oshirish, zo‘ravonlikka qarshi tizimli choralarni kuchaytirish, ayollar uchun iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish, shuningdek, raqamli savodxonlik va IT sohasiga kirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi takliflar ilgari surildi. Iqlim o‘zgarishi sharoitida ayollar rolini kuchaytirishga qaratilgan taklif va strategiyalar masalasi ham forumning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.

Milliy forum yakunida Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi doirasida gender tenglik sohasida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilindi va kelgusi yillarga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan yangi loyihalar va tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish, gender sezgir siyosatni yanada kuchaytirish hamda milliy platformaning barqaror faoliyatini ta’minlash vazifalari g‘oyat dolzarb hamda muhimligi qayd etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech