Inson huquqlari va Konstitutsiya

11-dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlari va Konstitutsiyaning o‘zaro uyg‘unligi: milliy va xalqaro-huquqiy kafolatlar tahlili” mavzusida yosh olimlarning ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33-yilligi hamda 10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan tashkil etildi.

Mazkur tadbirda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limining O‘zbekistondagi milliy dasturlar muvofiqlashtiruvchisi I.Fayzullin, Qozog‘iston Respublikasi Ostona shahar sudi sudyasi, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori A.Shayaxmetova, Toshkent davlat yuridik universiteti va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas’ul xodimlari, doktorantlari va mustaqil tadqiqotchilari ishtirok etdi.

Konferensiya doirasida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar, inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, BMTning asosiy tamoyillari va ularning milliy huquq tizimidagi ifodasi tahlil qilindi.

Tadbir yakunida inson huquqlarini himoya qilishni yanada kuchaytirish, insonparvar qadriyatlarni amaliyotga tatbiq etish va milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech