Konstitutsiya va deklaratsiya: Inson huquqlarini oliy qadriyatga aylantirgan hujjatlar (+video)

Poytaxtimizda “O‘zbekiston Konstitutsiyasi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi: o‘zaro uyg‘unlik va muvofiqlik” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda senatorlar, deputatlar, Bolalar ombudsmani, sud, prokuratura, ichki ishlar va adliya vazirliklari mas’ul xodimlari, olimlar, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda BMTning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori bilan  hamkorlikda tashkil etilgan tadbir O‘zbekiston Konstitutsiyasi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan sanalarga bag‘ishlandi.

Ombudsman Feruza Eshmatova boshqargan majlisda Konstitutsiya Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida belgilab berilgan asosiy prinsiplar – inson qadrining oliy qiymat sifatida e’tirof etilishi, tenglik, adolat va erkinliklar kafolatlarini o‘zida to‘la aks ettirgani alohida ta’kidlandi. 

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ham aynan shu tamoyillarga tayanadi: inson qadrini yuksaltirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, aholining zaif qatlamlari manfaatlarini ta’minlash va har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini amalda ta’minlash davlatning ustuvor vazifasi sifatida belgilangan. 

Mamlakatimizdagi huquqiy tizim va ijtimoiy siyosatning strategik yo‘nalishlari inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar bilan uyg‘un holda rivojlanib, fuqarolar farovonligi va adolatni ta’minlashga qaratilmoqda. 

– Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va O‘zbekiston Konstitutsiyasining bir-biri bilan bog‘liq jihatlarini muhokama qildik, – dedi YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen. – Men Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti koordinatori sifatida bu mavzuning juda muhim ekanini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Ushbu ikki muhim hujjatga nazar solar ekanmiz, undagi inson huquqlarini himoyalashga oid tamoyillarni to‘laqonli hayotga tatbiq etish bo‘yicha ko‘p ish qilishimiz kerakligi oydinlashadi. Bunday tadbir Ombudsman instituti binosida o‘tkazilganida ham chuqur ramziy ma’no bor. Tadbir davomida o‘zaro hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha fikr almashdik. Ombudsmanning hududiy bo‘linmalari, jamoatchilik kengashi bilan himoyaga muhtoj guruhlar, maxsus muhofazaga ehtiyoji bor shaxslarga ko‘mak berish ishlari davom ettiriladi. 

Tadbirda oliy ta’lim muassasalari bilan inson huquqlari sohasida kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish va talabalarning huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Shu munosabat bilan Ombudsman hamda uchta oliy ta’lim muassasasi – Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent “International” universiteti va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar imzolandi. 

Ushbu hujjatlar inson huquqlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, talaba va professor-o‘qituvchilar uchun amaliy tajriba maydonchalarini yaratish, qonunchilik va huquqiy ta’lim yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalar amalga oshirishga xizmat qiladi.

N.Abduraimova,

A.Alijonov (rasm), N.Abduvoitov (video), O‘zA

Powered by GSpeech