IHT huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha Mustaqil doimiy komissiyaning 26-sessiyasida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda

14-dekabr kuni Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibiyatining Jidda shahridagi qarorgohida ushbu xalqaro tashkilot huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha Mustaqil doimiy komissiyaning 26-sessiyasi o‘z ishini boshladi. Sessiya “Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarda yoshlarni rivojlantirish: inson huquqlariga daxldor muammolar va imkoniyatlar” mavzusiga bag‘ishlangan.

Sessiya ishida IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi a’zosi – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

IHT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha yordamchisi Yusuf bin Muhammad ad-Dubay’iy ochilish marosimida Bosh kotib Husayn Ibrohim Toha nomidan ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Avvalo Komissiya Kotibiyatining yangi ijrochi direktori etib tayinlangan, inson huquqlari sohasida keng huquqiy va qonunchilik tajribasiga ega doktor Hodi bin Ali al-Yamiy samimiy qutlandi. Shuningdek, Komissiya raisi sifatidagi vakolati yakunlanayotgan doktor Hoji Ali Ajikg‘olga chuqur minnatdorlik bildirilib, uning Komissiya nufuzini oshirish va faol rolini kuchaytirishdagi hissasi yuqori baholandi.

IHT yoshlarni hayotimizdagi yangilanishlarning eng kuchli omili deb bilishi ta’kidladi. Bugungi global manzara tezkor texnologik taraqqiyot va turli sohalardagi o‘zgarishlar bilan ajralib turishi, bu holat bir vaqtning o‘zida yoshlar uchun mislsiz imkoniyatlar yaratishi bilan birga, muayyan chaqiriqlarni ham yuzaga keltirayotgani qayd etildi.

Shuningdek, IHTning yoshlarni ta’lim, innovatsiyalar va tadbirkorlik orqali qo‘llab-quvvatlash borasidagi qat’iy majburiyatiga yana bir bor e’tibor qaratildi. Bunda navqiron avlod vakillarini adolat, farovonlik va umumiy insoniy qadr-qimmatga asoslangan kelajakni barpo etish uchun zarur vositalar bilan ta’minlash juda muhim.

Sessiyada IHT axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash, birdamlikni kuchaytirish, sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish va navqiron insonlarning salohiyatida real o‘zgarishlar yaratish orqali yoshlar masalalarini qo‘llab-quvvatlashni izchil davom ettirib kelayotgani e’tirof etildi. Bu boradagi istiqbolli vazifalar muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun: Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiya IHTning inson huquqlari sohasidagi asosiy ekspert organi hisoblanadi. Ushbu Komissiya 2011-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uch yil muddatga saylanadigan 18 a’zodan iborat. Komissiya IHTga keng ko‘lamli masalalar, jumladan, fuqarolik va siyosiy huquqlar, ijtimoiy adolat, ozchiliklar huquqlarini himoya qilish, ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, diniy bag‘rikenglik va insonparvarlik muammolari bo‘yicha maslahatlar beradi.

Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiya o‘z faoliyatida IHT Nizomi va IHTning Inson huquqlari bo‘yicha Qohira deklaratsiyasiga amal qiladi. Islom qadriyatlarini inson huquqlari sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro normalar bilan uyg‘unlashtirishga intiladi.

Turkiyaning Istanbul shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 2025-yil 21-22-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan 51-sessiyasida O‘zbekiston vakili – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, professor Mirzatillo Tillaboyev uch yil muddatga IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasiga a’zo etib saylandi. Natijada IHT Komissiyasining to‘laqonli a’zosi sifatida O‘zbekiston dolzarb tashabbuslarni ilgari surish va umumiy qadriyatlarga asoslangan konstruktiv muloqot uchun yanada salmoqli platformaga ega bo‘ldi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech